G‘azo sektorida vaziyat keskinlashdi
Olam
−
23 fevral 2023
7211Bugun, 23 fevral kuni G‘azo sektorida ziddiyat kuchaydi va raketa hujumlari amalga oshirildi. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlarining Twitter’dagi sahifasida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, dastlab G‘azo sektoridan oltita raketa uchirilgan. Ulardan beshtasi Isroil havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan tutib olingan, yana bir raketa esa ochiq joyga qulagan.
Shuningdek, Isroil harbiylari ham G‘azo sektoriga zarba bergan. Ular qiruvchi samolyotlarni G‘azoning markaziy va shimolida joylashgan “XAMAS” terror tashkilotiga tegishli qurol ishlab chiqarish maydonchasi va harbiy qarorgohga zarba berish uchun jo‘natgan.
Ma’lumot uchun, kecha, 22 fevral kuni Isroil harbiy kuchlarining kunduzgi reydi davomida kamida 11 falastinlik halok bo‘lgan va 100 dan ortiq kishi jarohat olgan edi. Isroil hukumati operatsiyani “yaqin kelajakda hujumlarni rejalashtirayotgan” uch gumonlanuvchini zararsizlantirish uchun amalga oshirganini ma’lum qilgandi.
G‘azo sektoridagi vaziyat
G‘azo sektori O‘rta yer dengizi sohilidagi Falastin davlatining bir qismi hisoblanadi. 2007 yilda 2,3 million aholi zich joylashgan hudud “XAMAS” tomonidan egallangandan beri u yer Isroil blokadasi ostida qolmoqda. Fevral oyi boshida ham Isroil armiyasi Falastinning G‘azo harbiy sektori markaziga aviahujum uyushtirgandi. Nizo sabab yuzaga kelgan to‘qnashuvlarda hozirgacha 3 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, 15 mingga yaqin shaxs jabr ko‘rgan.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi