G‘azoga ikki kun ichida yordam yetib bormasa, 14 ming chaqaloq halok bo‘ladi – BMT
Olam
−
21 may
3811BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tom Fletcher G‘azo sektoriga o‘z vaqtida insonparvarlik yordami yetkazilmasa, ikki kun ichida 14 ming chaqaloq halok bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Tashkilot G‘azo sektorida kuchli jamoaga ega va shuning uchun u bunday raqamlarni qo‘lga kiritishga erisha olgan. Garchi ularning ko‘plari o‘ldirilgan bo‘lsa ham, BMTga ko‘ra, hali ham ko‘p odamlar tibbiyot muassasalari va maktablarda qolmoqda. Ular ehtiyojlarni baholashga harakat qilmoqdalar.
19 may kuni Isroil 11 haftalik blokadani tugatgandan so‘ng G‘azo sektoriga gumanitar yordam olib ketayotgan besh yuk mashinasi o‘tdi. Ammo ular hali jamoalarga yetib bormagan.
Fletcher 20 may kuni 100 ta yuk mashinasi G‘azoga yetib borishiga umid bildirdi va “G‘azo sektorini gumanitar yordam bilan to‘ldirish” zarurligini qo‘shimcha qildi.
16 may kuni Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektorida Gideyon aravalari shifrlangan keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Operatsiyadan maqsad HAMAS tashkilotini yo‘q qilish, garovga olinganlarni ozod qilish va anklavning strategik hududlarida nazorat o‘rnatishdan iborat.
Isroil qo‘shinlari xavf haqida ogohlantiruvchi va G‘azo sektori shimolidagi aholini evakuatsiya qilishga chaqiruvchi varaqalar tarqatdi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, janglar oqibatida 19 mingdan ortiq falastinlik o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.
18 may kuni Bosh vazir Netanyaxu Isroil HAMAS bilan “harbiy harakatlarni to‘xtatish”ni nazarda tutuvchi kelishuvga ochiq ekanini aytdi. Biroq HAMAS Isroilni urushni to‘xtatmoqchi emaslikda ayblaydi. Guruh vakillarining aytishicha, Isroil tomoni jangovar harakatlarni to‘xtatmasdan garovga olinganlarni ozod qilishni talab qilmoqda.
Isroil harbiylari avvalroq Isroil havo kuchlari dushmanning tayyorgarligini buzish va quruqlikdagi operatsiyaga yordam berish uchun o‘tgan haftada G‘azodagi HAMASning 670 dan ortiq nishonlariga zarba berganini ma’lum qilgan edi.
18 may kuni OAV Isroilning G‘azodagi Xon-Yunusga bergan zarbasi natijasida HAMAS yetakchisi Muhammad Sinvar va uning yordamchilari halok bo‘lganini xabar qilgan edi.
19 may kuni Isroil armiyasi G‘azo sektorida keng ko‘lamli quruqlikdagi operatsiya boshlanganini e’lon qildi va uning maqsadi “vayron bo‘lgan Falastin hududlarida operativ nazoratni qo‘lga olish” ekani aytildi.
LiveBarchasi
16 iyul