G‘azo sektorida halok bo‘lganlar 4,3 mingdan oshdi

Olam

image

Isroilning G‘azo sektoriga 7 oktyabrdan beri davom etayotgan zarbalari oqibatida halok bo‘lganlar 4,3 mingdan oshdi, 13,5 mingdan ortiq kishi jarohat oldi. Bu haqda Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

“4385 kishi halok bo‘lgan, ulardan 1756 nafari bolalar, 13561 nafari yaralangan”, deyiladi vazirlik bayonotida.

O‘z navbatida, Isroil sog‘liqni saqlash vazirligi HAMASning G‘azo sektoridan uyushtirgan raketa hujumlari oqibatida kamida 5007 nafar isroillik jarohatlangani va ular shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qilgan.

Isroil mudofaa kuchlarining rasmiy vakili Daniel Hagarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda HAMAS G‘azo sektorida 210 ga yaqin asirni garovda ushlab turibdi. Shuningdek, u mojaro avj olgan paytdan beri 307 nafar isroillik askari halok bo‘lganini aytgan.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil-Falastin mojarosi G'azo sektori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing