G‘azo gumanitar inqiroz davriga kirdi – Oq uy
Olam
−
14 mart
3402Qo‘shma Shtatlar G‘azo sektoriga imkon qadar ko‘proq insonparvarlik yordami yetkazish uchun harakat qilmoqda, chunki mintaqa gumanitar inqiroz davriga kirmoqda. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per AQSH Prezidenti samolyoti bortida jurnalistlarning Isroil ochlikdan urushda qurol sifatida foydalanayotgani haqidagi savoliga javob berar ekan, aytib o‘tdi.
“Biz G‘azoga insonparvarlik yordamini oshirish muhimligini juda aniq aytdik. Falastinlik begunoh fuqarolar oziq-ovqat, suv va tibbiy yordamga juda muhtoj ekanini ko‘ryapmiz”, deydi Jan-Per.
Uning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar G‘azoga imkon qadar ko‘proq yordam ko‘rsatish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirmoqda.
“Chunki G‘azo sektori gumanitar inqiroz davriga kirdi”, deydi u.
Oq uy matbuot kotibining eslatishicha, Qo‘shma Shtatlar insonparvarlik yordamini havo orqali jo‘natmoqda va G‘azodagi mavjud vaziyatni yumshatish uchun vaqtinchalik port yaratish ustida ishlamoqda.
Bundan tashqari, uning urg‘ulashicha, Qo‘shma Shtatlar gumanitar yordam olib ketayotgan ko‘proq yuk mashinalari eksklavga quruqlik orqali kirishini ta’minlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.
“Biz Isroil bilan birgalikda insonparvarlik yordami hajmini oshirish ustida ishlayapmiz. Prezident (Bayden) Isroil ko‘proq ish qilishi kerakligini aytdi”, deydi Jan-Per.
Nega Bayden Isroilga qurol yordamida G‘azoga gumanitar yordamni ko‘paytirish uchun bosim o‘tkazmagani haqidagi savolga, Jan-Per Prezidentning 6 haftalik vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish va mahbuslarni qutqarish yo‘lida harakat qilishi muhim ekanini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Qo‘shma Shtatlar ushbu muammolarni hal qilishda muvaffaqiyat qozonsa, G‘azoga ko‘proq yordam yetkazish mumkin bo‘ladi.
“Prezidentning asosiy e’tibori bunga qaratilgan. Agar bunga erishsak, uzoqroq va doimiyroq o‘t ochishni to‘xtatishga erishishga umid qilamiz”, deya xulosa qildi Oq uy matbuot kotibi.
LiveBarchasi