G‘azo bolalarining AQSH yo Yevropa bolalaridan farqi yo‘q, ular yashashga haqli – Emina Erdo‘g‘an
Olam
−
22 noyabr 2023
3408Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an Amerikaning “Newsweek” nashriga bergan intervyusida Isroilning Falastinga qarshi davom etayotgan hujumlaridan chuqur xavotir bildirdi. U Anqara falastinliklarga har tomonlama yordam ko‘rsatish uchun sa’y-harakatlarini davom ettirishini bildirdi.
“Bugungi kunda Isroilning bosib olingan Falastin hududlari va ayniqsa, G‘azo sektoriga 7 oktyabrdan beri uyushtirgan hujumlari ortidan biz urush ayollar va bolalar uchun qanday dahshatli oqibatlar olib kelishiga guvoh bo‘lyapmiz”, deydi u.
Birinchi xonimning aytishicha, Isroil Falastindagi tinch aholiga misli ko‘rilmagan bomba va o‘qlar yog‘dirmoqda, bu barchani dahshat va xavotirga solmoqda.
Isroil armiyasi maktablar, ibodatxonalar, muassasalar va hatto gumanitar yo‘laklarni nishonga olib, o‘n minglab o‘lim va jarohatlarga sabab bo‘lmoqda.
U Isroil askarlari G‘azodagi 35 shifoxonadan 18 tasini, jumladan Turk-Falastin do‘stlik shifoxonasini ishdan chiqarganini qo‘shimcha qilgan. Zo‘rlik bilan ko‘chirilgan 1,5 million g‘azolik mintaqada boshpana topa olmayotganini aytgan.
“Bular orasida homilador ayollar, chaqaloqli onalar va alohida ehtiyojli go‘daklar bor. Tasavvur qila olasizmi, ular uchun bu vaziyatdan chiqish qanchalik qiyin?” deydi Emina Erdo‘g‘an.
Birinchi xonim Turkiyaning falastinlik bolalar Ukraina, Yevropa, Amerika, Turkiya yoki boshqa mamlakatlardagi bolalardan farq qilmasligiga diqqat qaratgan.
“Har bir bola, qayerda tug‘ilganidan qat’i nazar, xavfsiz va qulay uy-joy, yaxshi ta’lim va sog‘liqni saqlash huquqiga ega”, deydi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil G‘azo sektorida erkak va ayol, bolalar va qariyalar o‘rtasida farq qilmasdan, jamoaviy jazolash usulidan foydalanmoqda.
“Hozir G‘azo sektorida sodir bo‘layotgan voqealarni urush deb bo‘lmaydi. Ilg‘or qurol texnologiyasi bilan bu davlat (Isroil) tashkilotning (davlat emas) refleksini namoyish etyapti”, deya qo‘shimcha qildi u.
Isroil umuminsoniy qadriyatlarni va xalqaro huquqni buzuvchi, insoniyatga qarshi jinoyatga teng bo‘lgan harbiy jinoyatlarni sodir etmoqda.
“Biz bunday vahshiyliklarni faqat Falastin, mintaqa yoki musulmon mamlakatlariga taalluqli muammo sifatida ko‘ra olmaymiz”, deydi u.
Emina Erdo‘g‘an Turkiyaning mintaqadagi inqiroz va muammolarni hal qilishda muhim davlatlardan biri bo‘lib qolayotganini urg‘ulagan. Uning eslatishicha, Turkiya tinchlik o‘rnatilgan taqdirda Falastin uchun kafil bo‘lishga tayyor. Prezidentning rafiqasi G‘azo sektorida uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun barcha mas’uliyatli xalqaro o‘yinchilarni hamkorlikka chaqirdi.
AQSHning Isroilga harbiy yordami kengayayotganini izohlar ekan, u mojaro alangasini yoqish bu qirg‘inda ishtirok etish bilan barobar ekanligini aytgan. O‘zini “G‘arb yetakchisi” sifatida ko‘rsatayotgan davlat tomonidan Tel-Avivga ko‘rsatilayotgan “doimiy qo‘llab-quvvatlash” Isroil-Falastin mojarosining chuqurlashishiga olib keladi va global tinchlik va tartib uchun xavf tug‘diradi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya mintaqada va butun dunyoda adolatli va mustahkam tinchlik o‘rnatilishini istaydigan barcha davlatlarni Falastin xalqining tinchlikka bo‘lgan chaqirig‘iga quloq solishga va uni cho‘ktirmaslikka chaqiradi.
Shuningdek, Turkiyaning birinchi xonimi Isroilning G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini to‘sib qo‘yish siyosatini “qabul qilib bo‘lmas” deb atagan.