G‘ayrioddiy musobaqa: Vengriyada 38 kishi qabr qazishda kuch sinashdi (video)

Olam

image

Vengriyada qabr qazish bo‘yicha o‘ziga xos musobaqa o‘tkazildi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Qayd etilishicha, musobaqa joriy yilning 5 sentyabr kuni Vengriya shimolidagi Nergeshuyfalu shahridagi jamoat qabristonida bo‘lib o‘tgan. Unda 38 nafar ishtirokchi – 19 ta ikki kishilik jamoa qatnashgan. Jamoalar qabristonlarni saqlash va dafn xizmatlari sohasida ishlovchi mutaxassislardan tashkil topgan.

Musobaqaning asosiy maqsadi qabr qazish kasbining murakkabligi va professional jihatlarini namoyish etish, shuningdek, o‘lim mavzusi atrofidagi tabularni yumshatishdan iborat bo‘lgan.

Musobaqa ishtirokchilari qabrlarni belgilangan talablar asosida qo‘l mehnati bilan qazigan. Xususan, qabrning chuqurligi 1,6 metr, uzunligi 2 metr, eni esa 0,8 metr bo‘lishi kerak bo‘lgan. Ishtirokchilar faqat belkurak, ketmon va kirkadan foydalangan.

Musobaqada asosan tezlik va ishning sifati baholangan. Quruq va qattiqlashib qolgan tuproq ishtirokchilar uchun qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirgan.

G‘oliblar Robert Nad va Laslo Kish 1 soat 21 daqiqada belgilangan o‘lchamdagi qabrni qazib bitirgan.

“Asosiysi – tezlik, chiroy emas. Dafn marosimi uchun qabr qazilganda uning aniq o‘lchamlarga mos bo‘lishi va sifatli tayyorlanishiga e’tibor berish kerak”, degan g‘olib Robert Nad.

G‘oliblar 200 ming vengr forinti (taxminan 640 AQSH dollari) miqdoridagi pul mukofotini bo‘lib olgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning sentyabr oyida Vengriyada qabr qazish bo‘yicha 8-xalqaro chempionat bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing