Gayana sohillarida parom ag‘darilib, o‘nlab odamlar cho‘kib ketdi

Olam

image

Joriy yilning 18 iyul kuni Gayana sohillari yaqinida 133 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zosi bo‘lgan parom ag‘darilib ketdi. Hodisa oqibatida o‘nlab odamlar bedarak yo‘qoldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Qayd etilishicha, MV Barima paromi poytaxt Jorjtaun shahridan Port Kaytumaga qarab harakatlanayotgan paytda halokatga uchragan.

Ma’lumotlarga qaraganda, hozirgacha 67 kishi qutqarilgan. Ular orasida 41 nafar erkak, 11 nafar ayol va 15 nafar bola bor. Hodisadan so‘ng keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv ishlari boshlangan. Operatsiyada vertolyotlar, samolyotlar va baliq ovlash kemalari jalb etilgan bo‘lib, qidiruv ishlari 1000 kvadrat mil hududda olib borilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, parom 18 iyul kuni soat 15:00 atrofida yo‘lga chiqqan. 23:01 da favqulodda signal kelib tushgan va qutqaruv operatsiyasi boshlangan. Gayana rasmiylari parom to‘lib ketgani sababli ag‘darilgani haqidagi taxminlarni rad etdi. Bosh vazir Mark Fillipsning ma’lum qilishicha, kema hodisa vaqtida belgilangan yuklama chegarada bo‘lgan va u 300 dan ortiq yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan litsenziyaga bilan harakatlangan.

Shuningdek, rasmiylar parom bortida 250 ta qutqaruv jileti, ikkita qattiq qutqaruv qayig‘i hamda oltita shishiriladigan qutqaruv qayig‘i bo‘lganini ma’lum qilgan.

Hodisaga kuchli oqim va kemaning ichiga suv kirishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hozirda bedarak yo‘qolgan yo‘lovchilarni qidirish-qutqarish ishlari davom etmoqda. Qutqaruv guruhlari hududni tekshirish ishlarini olib bormoqda, voqea sabablarini aniqlash bo‘yicha ham surishtiruv boshlangan. Rasmiylar yaqin vaqt ichida qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Kaliforniya shtatidagi San-Fransisko ko‘rfazida, Alkatraz oroli yaqinida 19 kishini olib ketayotgan ponton qayig‘i cho‘kib ketishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishi bedarak yo‘qolgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing