Garovdagilarning hammasini ozod qilishga tayyormiz – HAMAS
Olam
−
18 aprel
4085HAMAS Isroil G‘azo sektoriga hujumlarini to‘xtatib, qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqib ketishi evaziga garovdagi barchani ozod qilishga tayyor ekanini aytdi. Bu haqda G‘azodagi HAMAS yetakchisi Xalil al-Hayya bayonot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, harakat Isroil taklif qilgan o‘t ochishni to‘xtatish muddati tugagandan so‘ng G‘azoga hujumlarning yangilanishiga olib keladigan qisman o‘t ochishni to‘xtatish takliflarini rad etadi.
“Biz zudlik bilan Isroilning hujumlarini to‘xtatishi, G‘azodan to‘liq chiqib ketishi, rekonstruksiya boshlanishi va blokadani to‘xtatishi evaziga barcha mahbuslarni ozod etishni o‘z ichiga olgan keng qamrovli paket bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyormiz”, dedi Xalil al-Hayya.
U AQSHning garovga olinganlar bo‘yicha maxsus vakili Adam Beylerning urushni tugatish va barcha asirlarni ozod qilish haqidagi pozitsiyasini olqishlashini hamda bu HAMAS pozitsiyasiga to‘g‘ri kelishini aytdi.
Ma’lumot uchun, 19 yanvar kuni G‘azo sektorida kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan so‘ng Isroil armiyasi 18 mart kuni ertalab o‘zining shafqatsiz hujumlarini davom ettirdi. G‘azoda Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi bayonotiga ko‘ra, Isroil armiyasi hujumlarni qayta boshlaganidan beri 1700 nafarga yaqin falastinlik halok bo‘ldi, 4464 nafari jarohatlandi. 2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlarida halok bo‘lgan falastinliklar soni 51 ming nafarga, yaralanganlar soni esa 116 ming 505 nafarga yetdi.
LiveBarchasi