G‘arb va Sharq muvozanati: Iordaniyaning falastinlik qirolichasi Raniya

Bu qiziq

image

Xabaringiz bor, Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 25-26 avgust kunlari Samarqandga tashrifini amalga oshirdi. Tashrif dasturi yakunlangach, podshoh Qozog‘istonga jo‘nab ketdi. Yaqin Sharqdagi boshqa mamlakatlardan farqli ravishda tabiiy resurslarga boy bo‘lmagan, ammo geosiyosiy jihatdan ahamiyati katta va qo‘shni arab davlatlariga nisbatan tinch hamda siyosiy barqaror ushbu davlatning podshohidan ko‘ra qirolichasi mashhurroq ekanini bilasizmi? Mintaqada va xalqaro miqyosda juda mashhur qirolicha Raniya al-Abdulloh haqida nimalar ma’lum va uning hammaga yoqish siri nimada? Mazkur maqolada bir nechta ayolga uylanish odatiga ega monarx oilasi a’zosini faqat bir marta turmush qurishga ko‘ndirgan va buni mamlakat bo‘ylab normaga aylantirgan qirolicha haqida so‘z boradi.

Saddam Husayn boshlagan urush tufayli ko‘chishga majbur bo‘lgan bo‘lajak qirolicha

Oddiy falastinlik oilada tug‘ilgan bo‘lajak qirolicha boshqa mavqedoshlari kabi emas. U o‘qituvchi, inson huquqlari himoyachisi, moda timsoli va ijtimoiy tarmoq yulduzi bo‘lib, arab dunyosidagi eng muhim shaxslardan biridir. Raniyaning qirolichalik faoliyati Iordaniyani qochqinlarga yordam, yoshlarga imkoniyat yaratish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida dunyo miqyosida yuqori pog‘onaga olib chiqdi. U qirolning yagona turmush o‘rtog‘i, ko‘p farzandli ona hamda turli xayriya fondlari rahbari hisoblanadi. O‘z hayoti misolida Raniya musulmon ayollari bilimli, iste’dodli va mukammal did sohibasi ekanini isbotladi.

Raniya 1970 yilda Quvayt poytaxtida pediatr bo‘lib ishlayotgan falastinlik shifokor Feysal Sidki Al-Yasin oilasida dunyoga kelgan. Uning onasi Ilham esa Raniyadan tashqari yana bir o‘g‘il va qiz farzandga g‘amxo‘rlik qiluvchi uy bekasi edi. Ta’lim olish va ilmli bo‘lish muhimligini erta tushungan bo‘lajak qirolicha maktabni tugatgach, xorijdagi ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettiradi. U Quvaytdagi “New English School” maktabida o‘qib, 1988 yilda uni tamomladi. 1991 yilda esa Qohiradagi Amerika universitetida biznes boshqaruvi bo‘yicha diplom oladi.

Go‘zal qiyofasi tufayli u modellik agentliklarining e’tiborini tortgan, ammo Raniya muvaffaqiyatni aqli bilan qozonishni xohlardi, go‘zalligi bilan emas. Universitetni bitirgach, u Quvaytga qaytishni rejalashtiradi, biroq 1990 yil avgustida Saddam hukmronligidagi Iroqning Quvaytga bostirib kirishi bilan boshlangan birinchi Fors ko‘rfazi urushi bunga to‘sqinlik qiladi. Mahalliy falastinliklar iroqliklarga yordam berganlikda ayblanadi. Oqibatda Raniya va uning oilasi Iordaniyaning Amman shahriga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladi.

U Apple kompaniyasining mahalliy bo‘limiga ishga kiradi. Raniya erkin fikrli bo‘lsa-da, mamlakat urf-odatlariga hurmat bilan qarar, biroq hijob kiymasdi. Shu sababli, atrofdagilar, ayniqsa erkaklar undan biroz uzoq yurardi. Bunga qaramay, Raniya tez orada ishida muvaffaqiyat qozonadi. Ammo unga yuqori lavozimlar berilmaydi. Oradan vaqt o‘tib, 22 yoshli Raniya Citibank'ning Ammandagi vakolatxonasining marketing bo‘limiga ishga o‘tadi. Bu esa o‘sha paytda shahzoda Abdullaning singlisi va kuyoviga tegishli filial edi. Uning hayotini butunlay o‘zgartirgan tanishuv aynan shu yerda sodir bo‘lgan.

Falastinlik qizning bo‘lajak podshoh bilan tanishuvi

Abdulla va Raniyaning uchrashuv tafsilotlari turlicha talqin qilinadi. Ayrim manbalar ularning Citibank'da tanishganini aytadi. Biroq ishonchli ma’lumotlarga ko‘ra, ularni shahzoda Abdullaning singlisi Oysha do‘stlar va hamkasblar uchun uyushtirilgan kechki ovqatda tanishtirgan. Oysha yosh qizning aql-zakovati va pokizaligidan hayratda qolgan, uni yaxshi xodim sifatida qadrlagan va akasi bilan tanishtirishga qaror qilgan.

Abdulla o‘sha paytda tank batalyonini boshqarib, cho‘lda mashg‘ulot o‘tkazayotgan edi. Bir kuni singlisining taklifiga binoan kechki ovqatga tashrif buyurib, ilk marta Raniyani ko‘radi va unga oshiq bo‘ladi. Avvaliga Raniya Yaqin Sharqdagi eng qudratli shaxslar qatoridagi podshoh Husaynning o‘g‘li bilan suhbatda o‘zini noqulay his qilardi. Lekin oddiy suhbatlar bora-bora noodatiy uchrashuvlarga ulanib ketadi. Tanishlarining aytishicha, Abdulla oddiy falastinlik qizning osoyishta hayotini buzgan, ammo Raniya shahzodaning ortiqcha jo‘shqin tabiatini biroz jilovlagan.

Ko‘p o‘tmay, shahzoda an’anaga muvofiq sevgilisiga sovchi qo‘yadi. Abdulla podshoh otasi bilan Raniyaning uyiga borib, oddiy pediatr Feysal Sidki Al-Yasindan qizining qo‘lini so‘raydi. Bu juftlik hech qachon taxt haqida orzu qilmagan edi. Unashtiruvdan oldin Raniya kuyovdan oddiy hayot kechirishga va’da berishni so‘raydi. Atrofidagilarining ta’kidlashicha, ularning har ikkisi ham hayot butunlay boshqacha tus olishini tasavvur qilmagan edi.

Raniya va Abdullaning to‘yi

Abdulla podshoh Husaynning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lishiga qaramay, valiahd shahzoda emas edi. Husayn Abdulladan merosxo‘rlik unvonini olib qo‘yib, ukasi shahzoda Hasanni valiahd qilib tayinlagan edi. Uzoq yillar davomida Hasan taxtga tayyorlanib kelgan. Shuning uchun ham Abdullaning podshoh bo‘lishiga hech kim umid bog‘lamagan. Biroq Abdulla va Raniyaning to‘yi 1993 yil 10 iyunda shohona miqyosda o‘tkazilib, o‘sha kun davlat bayrami deb e’lon qilinadi. To‘y tadbiri kattaligi jihatidan G‘arb monarxlarining marosimlaridan qolishmasdi. Raniyaning libosi ham uning erkin va mustaqil qarashlarini namoyon etadi. U mahalliy an’anaviy libosda emas, balki bir paytlar malika Diananing garderobini yaratgan britaniyalik dizayner Bryus Oldfild tikkan oq libosda nikohdan o‘tgan. Kuyov esa tantanali harbiy libosda, orden-medallarga burkangan, yonida marosim qilichi bilan kelgan.

Podshohlik saroyi tomon...

Abdulla va Raniya ilk farzandiga podshoh Husayn sharafiga uning ismini qo‘yadi, bu esa albatta qaynotani quvontiradi. Shu vaqtdan boshlab, podshoh ko‘proq o‘g‘li va kelini bilan vaqt o‘tkazadigan bo‘ladi va Raniyadan yaxshi qirolicha chiqishiga tobora ko‘proq ishonch hosil qiladi. Ikki yildan so‘ng, 1996 yil sentyabrida Raniyaning qizi Iman tug‘iladi.

Ammo bu quvonchli voqealar fonida podshoh Husaynning sog‘ligi tobora yomonlashayotgan edi. Valiahd shahzoda Hasan taxtga chiqishga tayyorgarlik ko‘rayotgan, rafiqasi esa saroyni ta’mirlash rejasini tuzayotgan edi. Ammo kutilmaganda podshoh merosxo‘rlik tartibini o‘zgartiradi. U valiahdlikni ukasidan olib, katta o‘g‘liga beradi va ikki haftadan so‘ng, 64 yoshida saraton oqibatida vafot etadi.

Keyinchalik Raniya eriga bunday qarorni sezib yurganini aytgan. Chunki podshoh Husaynning o‘g‘li Hasan bilan munosabatlari sovuqlashib borar, Abdulla esa harbiy doiralarda tanilib, Raniya ham ijtimoiy va xalqaro miqyosda tobora mashhur bo‘lib borar edi. Bu holni podshoh e’tiborsiz qoldira olmadi.

Otasi vafotidan so‘ng Abdulla davlat rahbari deb e’lon qilindi va podshohning vafotidan to‘rt oy o‘tib, 1999 yil iyunida rasman toj kiydi. Uning rafiqasi, 28 yoshli falastinlik Raniya esa dunyodagi eng yosh qirolicha bo‘lib, hammani o‘ziga maftun etdi.

Keyin ular rasmiy nomi “qulay hayot” degan ma’noni anglatuvchi Rag‘adan saroyiga ko‘chib o‘tadi. Shundan so‘ng, oilada yana ikki farzand tug‘ilgan: 2000 yilda malika Salma, 2005 yilda esa shahzoda Hoshim. Ko‘p farzandli ona sifatida Raniya farzandlari ulg‘aygan sari ular o‘rtasidagi do‘stlik kuchayganini ta’kidlagan. Ularning yonida enagalar armiyasi emas, balki faqat bir yordamchi va o‘qituvchi bo‘lishini istagan.

Qirolichaning ijtimoiy faoliyati

Raniya taxtga chiqqani haqidagi xabarlar butun dunyoga yoyilgan paytda u allaqachon ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizmni rivojlantirish borasida islohotlarga hozirlanayotgan edi. Shuningdek, u G‘arb va arab dunyosi o‘rtasida madaniy muloqotni yo‘lga qo‘yishni orzu qilgan.
Raniya xayriya ishlari bilan ham faol shug‘ullanadi. U 1995 yilda ayollarga iqtisodiy hayotda ishtirok etish va o‘z biznesini boshlash imkonini beruvchi jamg‘arma tuzadi. Bundan tashqari, u bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi keng qamrovli kampaniyaga boshchilik qilib, jabrlanganlar uchun markaz tashkil etadi.

Qirolicha Raniya Buyuk Britaniyadagi Ekseter universitetining huquq yo‘nalishi bo‘yicha faxriy doktorlik unvoniga ega. Bu unga “zamonaviy dunyoda ayol rolini oshirish va Yevropa-arab munosabatlarini rivojlantirishdagi hissasi uchun” berilgan. U har yili o‘tkaziladigan xalqaro marafonchilar musobaqasi – “Cho‘l kubogi” homiysi hisoblanadi, shuningdek, hayvonlarni himoya qilish sohasidagi qator loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi. 2004 yilda Abdulla II Raniyaga mamlakat Qurolli kuchlari polkovnigi unvonini bergan. Oradan to‘rt yil o‘tib, u podshoh Husayn nomidagi shifoxonada donorlik markaziga tashrif buyurib, G‘azo sektorida jarohatlanganlar uchun qon topshirgan.

Raniyaning G‘arb va Sharqni umumlashtirgan kiyinish uslubi

Falastinlik go‘zal qirolicha ko‘p yillardan beri arab dunyosi va G‘arb o‘rtasida muvaffaqiyatli muvozanatni tutib kelmoqda. U o‘ziga xosligini yo‘qotmagan holda chinakam qirolichalarga xos qadr-qimmat bilan namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, G‘arb bilan ochiq muloqotga tayyor ekanini ko‘rsatadi. U doimo ro‘molsiz, ammo an’analarni hurmat qilgan holda, uzun yubka, keng shim va milliy naqshli liboslarda ko‘rinadi. Raniya rasmiy ijtimoiy tarmoq sahifasida Burberry, Chloe, Elie Saab, Givenchy, Roland Mouret kabi sevimli moda uylari dizaynlarida ko‘rinish beradi. Shuningdek, Armani va Prada brendlariga ham ustunlik beradi. Uning garderobi sharqona ruh va g‘arbona tendensiyalar uyg‘unligi bo‘lib, turli millat vakillariga yaqin ko‘rinadi. Qirolicha jamoatchilik oldiga ba’zan jinsida ham chiqishi mumkin, ayniqsa Yevropa shaharlarida bo‘lsa.

2003 yilda Britaniyaning “Hello” jurnali o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, qirolicha Raniya dunyoning eng nafis ayoli deb e’tirof etilgan. Uni ba’zan olmoslar bilan bezatilgan oltin tuflilarda ham ko‘rish mumkin. Ammo, asosan, uning uslubi soddaroq, nozik va nafisdir. Raniya kiyim uslubi va ijtimoiy faoliyati orqali musulmon ayollar hayoti haqidagi stereotiplarni buzishga intiladi. 

Ispaniya va Iordaniya qirolichalarining do‘stligi

Shuni ta’kidlash kerakki, Iordaniya qirolichasi Raniya va Ispaniya qirolichasi Letisiya uzoq yillardan beri do‘st va ular norasmiy tarzda sayyoraning eng mashhur va go‘zal qirolichalari deb ataladi. Ular tashqi ko‘rinishda ham o‘xshash: ikkisi ham novcha, qora ko‘zli, qo‘ng‘ir sochli va deyarli tengdosh. Shuningdek, ularning har ikkisi ham o‘z kasbiy faoliyatlari davomida shahzodalar bilan munosabat qurgan, jumladan, Raniya bank xodimi bo‘lgan bo‘lsa, Letisiya jurnalist edi.  Ular dunyoning eng zamonaviy qirolichalari sifatida bir-biriga mengzaladi.

Biroq ispan monarxining rafiqasi ba’zan protokolni buzib kiyinadi va uning liboslari hamisha ham konservativ ispan zodagonlariga ma’qul kelavermaydi. Ba’zan qirolicha Raniya muxlislari Letisiya uning uslubiga taqlid qiladi degan fikrni olg‘a suradi. Nima bo‘lganda ham, ular tez-tez eng jozibador mashhurlar reytinglarida yonma-yon tilga olinadi.

Farzandlarining chet elda o‘qishini istaydigan qirolicha

Raniyaning turmush o‘rtog‘i podshoh Abdulla II otasidan farqli o‘laroq, faqat bir marta uylangan. Qirolicha buni qanday uddalagani haqida ko‘plab qiziqishlar mavjud, ammo hech kim bu haqda ochiq savol berishga jur’at etmaydi. U farzandlarini o‘zi kabi chet el maktablarida ta’lim olishini ta’minlagan. Shuningdek, u ona sifatida farzandlari bilan vaqt o‘tkazishni yaxshi ko‘rsa-da, ayolning hayoti faqat er va merosxo‘rlar parvarishiga qaratilishi kerak emas, deb hisoblaydi.

Raniyaning to‘ng‘ich o‘g‘li 10 yoshida valiahd shahzoda unvonini olgan. U davlat ishlarida anchagina tajriba orttirgan, otasi yo‘qligida esa regentlik vazifalarini a’lo darajada bajaradi. Malika Salma esa 19 yoshida harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, Iordaniyaning birinchi ayol uchuvchisi bo‘ldi. Malika Iman ot chopish sportida katta muvaffaqiyatlarga erishgan.


Maqola muallifi

Teglar

Iordaniya Abdulla II ibn al-Husayn Raniya al-Abdulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing