Shahzoda Infantinoni “shantaj”da aybladi

Sport

image

Iordaniya futbol assotsiatsiyasi (IFA) prezidenti shahzoda Ali bin Al-Husayn FIFA prezidenti Janni Infantinoni shantajda aybladi. U bu haqda o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.

Shahzoda Alining da’vo qilishicha, FIFA Iordaniya futboliga oid bir qator masalalarda yordam berishdan bosh tortgan va keyinchalik ushbu muammolarning hal etilishini Infantinoning qayta saylanishini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘lagan.

Uning aytishicha, gap muxlislar uchun viza masalalari, Iordaniya terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionati bilan bog‘liq soliq xarajatlari hamda Arab millatlari kubogi sovrin pullarini to‘lashdagi kechikishlar haqida ketmoqda.

Shahzoda Ali Iordaniya Janni Infantinoning qayta saylanishini qo‘llab-quvvatlash niyatida emasligini ham ta’kidladi.

“Futbolga ko‘mak ko‘rsatishni siyosiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘lashni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Biz Iordaniyada axloqiy qadriyatlarga qat’iy amal qilamiz. Biz avval ham Infantinoni qo‘llab-quvvatlamaganmiz va hozir ham qo‘llab-quvvatlamaymiz. Chunki bu vaziyatni ochiqchasiga shantaj deb baholaymiz va bunday bosimga bo‘ysunmaymiz”, deydi u.

Shahzodaning so‘zlariga ko‘ra, Iordaniya terma jamoasi AQSHda o‘ynagani uchun FIFA orqali Qo‘shma Shtatlar hukumatiga soliq to‘lagan.

“Bu aslida futbolchilar va murabbiylar shtabiga tegishi kerak bo‘lgan mablag‘lardir. Kanada yoki Meksikada yig‘in o‘tkazib, o‘yinlarda qatnashgan jamoalar bunday muammoga duch kelmadi. Ammo biz AQSHda o‘ynaganimiz uchun katta soliq xarajatlarini to‘lashga majbur bo‘ldik” deya yozadi Ali bin Al-Husayn.

Janni Infantino atrofidagi mojaro so‘nggi kunlarda yanada kuchaydi. Avvalroq FIFA’ning Jahon chempionati tijorat huquqlarining bir qismini sotish rejasi muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan so‘ng, unga nisbatan tanqidlar keskin ortgan edi. Shuningdek, bir qator milliy futbol federatsiyalari ham Infantinoning yana bir muddatga qayta saylanishini qo‘llab-quvvatlamasligini ochiq e’lon qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing