G‘arb Rossiyaga hujum qilish niyatidami? So‘z Baydenga

Olam

image

G‘arb davlatlari Rossiyaga hujum qilishni rejalashtirmagan, ular ustidan nazorat o‘rnatish yoki uni yo‘q qilishga intilmagan. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 21 fevral kuni Varshavada so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi. 

“Rossiya xalqiga yana bir bor murojaat qilaman: AQSH va Yevropa davlatlari Rossiya ustidan nazorat o‘rnatish yoki uni yo‘q qilishga intilmayapti. G‘arb Rossiyaga hujum qilishni rejalashtirmagan”, deydi u. 

U Ukrainadagi hozirgi vaziyatni fojia deb atadi. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning “maxsus harbiy amaliyot” o‘tkazishiga hech qachon ehtiyoj bo‘lmagan. 

“Faqat qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashashni istaydigan millionlab Rossiya fuqarolari [bizning] dushmanimiz emas”, deydi Amerika rahbari.  

AQSH Prezidentining fikricha, Rossiya Ukrainadagi mojaroga chek qo‘yishi mumkin. Shu bilan birga, Bayden ta’kidlaganidek, agar Ukraina [hozirgi sharoitda] Rossiya Federatsiyasidan o‘zini himoya qilishni to‘xtatsa, bu Ukrainaning taqdiriga nuqta qo‘yadi.  

“Shuning uchun biz birgalikda Ukraina o‘zini himoya qila olishini ta’minlaymiz”, deb qo‘shimcha qildi Oq uy rahbari.

Unga ko‘ra, Rossiya Ukrainadagi mojaroda g‘alaba qozona olmaydi. 

“Rossiya hech qachon Ukrainani mag‘lub eta olmaydi. Hech qachon”, deydi Bayden. 

Seshanba kuni ertalab Rossiya prezidenti Vladimir Putin Federal Majlisga yo‘llagan murojaatida Rossiya o‘zining “tarixiy yerlaridagi odamlarni himoya qilish, o‘z xavfsizligini ta’minlash va Ukrainaning amaldagi rasmiylari tomonidan tahdidni bartaraf etish uchun “maxsus harbiy operatsiya” boshlaganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Moskva operatsiya vazifalarini bosqichma-bosqich, aniq va izchil olib boradi.


Maqola muallifi

Teglar

Jo Bayden Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing