G‘arb bayramni nishonlashga xalaqit bersa, shafqat bo‘lmaydi – Lavrov (video)
Olam
−
08 may 2304 1 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov G‘arb davlatlarini ogohlantirib, agar ular Kiyev orqali G‘alaba kunini nishonlashga to‘sqinlik qilsa, ularga shafqat bo‘lmasligini aytdi. Bu haqda Lavrov bugun, 8 may kuni TIV binosidagi memorial lavhalarga gul qo‘yish marosimida so‘z ochdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, raqib tomon rossiyaliklar uchun muqaddas bo‘lgan bayramni buzishga urinmoqda.
“Men mas’uliyat bilan va ochiqchasiga aytmoqchiman: agar G‘arbda qayta bosh ko‘tarayotgan natsistlar Ukraina orqali hozir qilayotgan ishlar amalga oshsa, ularga shafqat bo‘lmaydi”, degan u.
Shuningdek, Lavrov Rossiya Ukraina hududidan kelayotgan har qanday xavfsizlik tahdidlarini bartaraf etish kerakligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, 4 may kuni Yerevanda bo‘lib o‘tgan Yevropa siyosiy hamjamiyati sammiti ochilishida Vladimir Zelenskiy 9 may paradi vaqtida Moskvaga Ukraina dronlari yetib borishi mumkinligini bildirgan edi.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa, bu tahdidlarni hisobga olganini va tantanali tadbirlarni buzishga bo‘lgan har qanday urinishga Kiyevga qarshi ommaviy raketa zarbalari bilan javob qaytarilishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy Rossiyaga yaqin davlatlarga murojaat qilib, 9 may kuni Moskvaga bormaslikni tavsiya bergandi.
Oybek Rustamov