Gapdami, amaldami?.. Bugunga qadar So‘xda nimalar qilindi?
Jamiyat
−
03 iyul 2020
7068Joriy yilning iyun oyi boshlarida Bosh vazir rahbarligida Hukumat komissiyasi tomonidan Farg‘ona viloyatining So‘x tumani muammolari o‘rganilib, keng qamrovli takliflar tayyorlangan edi. 2020-2022 yillarda So‘x tumanini kompleks rivojlantirishga 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish belgilangan. 11 ming yangi ish joyi tashkil etish rejalashtirilgan edi. Oradan deyarli bir oy o‘tib, rejalashtirilgan ishlar qay darajada amalga oshdi? Ular gapda qolib ketdimi yoki amalda ham o‘zini namoyon qilyaptimi?
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida istiqomat qiluvchi 1 058 nafar ishsiz fuqaro tumandagi korxona va muasasalarga ishga joylashtirildi. Bundan tashqari, 780 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj oilaga 242 mln 160 ming so‘m ijtimoiy nafaqa tayinlandi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot kotibi Davron Jumanazarov ma’lum qildi.
“Fuqarolarni xonadon sharoitida qo‘shimcha daromad topishini rag‘batlantirish maqsadida 194 nafar fuqaroga 414 mln. 205 ming so‘m subsidiya ajratildi. Shundan, 136 ta xonadonga 314 mln. 970 ming so‘mlik yengil konstruksiyali issiqxona va 43 ta xonadonga 95 mln. 890 ming so‘mlik sug‘orish vositalari yetkazib berildi”, dedi bugun, 3 iyul kuni AOKA anjumanlar zalida o‘tgan brifingda Davron Jumanazarov.
Rasmiyning ta’kidlashgicha, tumanda shu kunga qadar 20 254 metr izolyatsiyalangan yangi kabel tortilgan. Shuningdek, 43 ta transformator ta’mirlanib 16 tasi yangi o‘rnatilgan. Bundan tashqari, 138 km elektr toki kabeli daraxt shoxlaridan tozalangan va 380 ta temir beton tayanch o‘rnatilgan.
“1279 ta xonadon gaz jihozlari bilan ta’mirlandi, 3 480 ta propan gaz ballonlari xonadonlarga yetkazib berilib, aholining tabiiy gazdan xavfsiz foydalanishlari uchun sharoit yaratildi. Xususan, 138 ta gaz taqsimlash punktlari to‘liq ta’mirdan chiqarilib, kuz-qish mavsumiga tayyor holatga keltirildi”, dedi u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Fuqaro qabulxonalari”ga kelib tushgan 427 ta murojaatlardan, 72 tasi joyida hal etildi, 166 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan. Mahalla bo‘ylab xonadonlarda olib borilgan o‘rganishlar davomida aniqlangan 1 744 ta ijtimoiy muammolardan 1 681 tasi hal etilgan.
20 nafar yoshlarni oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli ravishda qabul qilinishlari uchun viloyat Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasiga tavsiya berilgan.
LiveBarchasi