“Gap xushomad qilishda emas”. Lukashenko “katta og‘asi”ga minnatdorlik bildirdi
Olam
−
29 dekabr 2021
5685Bugun, 29 dekabr kuni Sankt-Peterburgdagi Konstantin saroyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘rtasida navbatdagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.
Muzokaralarda Ittifoq davlati, ikki davlat o‘rtasidagi harbiy mashg‘ulotlar, G‘arb davlatlari tomonidan Minskka joriy qilingan sanksiyalar, MDH davlatlari rahbarlari sammiti yakunlari haqida so‘z borgan.
Ittifoq davlati haqida
Uchrashuvda Rossiya rahbari o‘tgan yil davomida ittifoq davlati doirasidagi integratsiya sohasida iqtisodiyot, moliya, bojxona va fiskal qonunchilikda ijobiy natijalarga erishilganini ta’kidladi.
“Afsuski, 2020 yilgi pandemiya yilida bizda tovar ayirboshlash hajmi deyarli 17 foizga qisqardi. Lekin bu yil deyarli 36 foizga o‘sdi. Ya’ni, biz yo‘qotgan hamma narsani qopladik va deyarli ikki barobar qo‘shdik”, degan u.
Harbiy mashg‘ulotlar haqida
Bundan tashqari, Rossiya rahbari ikki davlat o‘rtasida harbiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish rejalari haqida gapirgan.
“Biz uni yil boshida o‘tkazamiz, harbiylar mart-fevralga rozi bo‘lishdi, qachonga qaror qilishlarini bilmayman”, degan Putin.
“Keraksiz sanksiyalar”
Lukashenko G‘arb davlatlari tomonidan Minskka joriy qilingan sanksiyalar doirasida Belarusga ko‘rsatgan yordami uchun Putinga minnatdorlik bildirgan.
“Gap xushomad qilishda emas. Gap shundaki, biz taklif qilsak yoki iltimos qilsak, siz ma’lum odamlarga ko‘rsatma berasiz, ular javob berishadi. Rossiya kompaniyalari, hukumati va banklari bu og‘ir sanksiyalar davrida bizni qo‘llab-quvvatlaydi. Bizni “bo‘g‘ish”da davom etishmoqda. Beshta paketni taqdim etishdi, oltinchi paket haqida gapirishmoqda. Bu sanksiyalar “aqlsiz”, hech kimga kerak emas”, degan u.
MDH davlatlari rahbarlari sammiti yakunlari haqida
Belarus Prezidenti kecha MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy sammitiga keldi. Unda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Prezidentlar Ilhom Aliyev (Ozarbayjon), Qosim-Jomart To‘qayev (Qozog‘iston), Sadir Japarov (Qirg‘iziston), Imomali Rahmon (Tojikiston), Gurbanguli Berdimuhamedov (Turkmaniston), Shavkat Mirziyoyev (O‘zbekiston) va Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi.
Lukashenko ushbu uchrashuv natijalarini yuqori baholadi.
“Bu juda yaxshi voqea bo‘ldi — samimiy, iliq. Biz yana bir bor ko‘rdikki, postsovet respublikalari, shu jumladan Belarus ham atrofimizdagi vaziyatni juda yaxshi tushunib, jahon siyosatining barcha nozik tomonlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ygan. Rossiyaga rahmat”, degan u.
Uning fikricha, bu mazkur formatdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish imkonini beradi.
“Juda katta siljish, men bu borada allaqachon tajribali odamman, bizning birligimiz muammolarni birgalikda hal qilish yo‘lida bo‘ldi”, degan u.
Ma’lumot o‘rnida, bu yil hisobida Lukashenko olti bor Putin bilan uchrashdi.