Ganada “Chelsi” avtobusiga qurolli hujum bo‘ldi. Qurbon bor
Sport
−
13 aprel 6922 2 daqiqa
Kecha, 12 aprel kuni Gananing “Berekum Chelsi” futbol klubi hujumchisi Dominik Frimpong jamoa avtobusiga qilingan qurolli hujum oqibatida vafot etdi. Bu haqda Gana futbol assotsiatsiyasi (GFA) xabar berdi.
Qayd etilidi, fojia jamoa Gana chempionati doirasida “Samarteks” klubiga qarshi kechgan o‘yindan qaytayotgan mahal yuz bergan. Sportchilar Samreboidan Berekumga ketayotgan vaqtda qurollangan shaxslar ularning yo‘lini to‘sib qo‘ygan. Assotsiatsiya halok bo‘lgan futbolchining yaqinlariga hamdardlik bildirgan.
“Bu fojia nafaqat “Berekum Chelsi”, balki butun Gana futboli uchun ulkan yo‘qotishdir. Dominik o‘yinga bo‘lgan mehri va sadoqati bilan ligamiz ruhini ifodalagan istiqbolli yosh iste’dod edi. GFA ushbu qayg‘uli voqea yuzasidan surishtiruv ishlari davom etayotgani sababli klub va tegishli idoralar, jumladan, Gana politsiya xizmati bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Biz aybdorlar munosib jazolanishi uchun barcha zarur choralar ko‘rilishiga chaqiramiz”, deyiladi assotsiatsiya bayonotida.
Shuningdek, “Berekum Chelsi” klubi ham bayonot berib, fojia tafsilotlarini ochiqlagan.
“Haydovchi avtobusni orqaga qaytarishga uringan vaqtda to‘pponcha va avtomatlar bilan qurollangan shaxslar avtobusimizni o‘qqa tuta boshladi. O‘yinchilar va xodimlar yaqin atrofdagi butazorlarga yashirinishdi. Afsuski, futbolchilarimizdan biri og‘ir jarohat oldi”, deyiladi klub xabarida.
Ma’lumot uchun, 2025/26 yilgi mavsumda 20 yoshli Dominik Frimpong jamoa safida 13 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga ikkita gol yozdirib qo‘ygan edi. “Samarteks” bilan bo‘lgan bahs esa 1:0 hisobida mezbonlarning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston chempionatidagi o‘yinlari bilan tanilgan futbolchi Xushnudbek Avilov 27 yoshida vafot etgan edi.
Live
Barchasi