Gana Jahon chempionatiga yo‘l oldi
Sport
−
13 Oktabr 1612 2 daqiqa
Kecha, 12 oktyabr kuni Gana milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatiga ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Gana “I” guruhdagi so‘nggi uchrashuvda Komor orollariga qarshi uchrashuvdagi g‘alaba bilan mundial yo‘llanmasini kafolatladi.
2010 yilgi mundialning chorak finalchi ishtirokchisi endi kelasi yili AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan musobaqada Jazoir, Misr, Marokash va Tunis bilan bir qatorda qatnashadi. Gana “I” guruhdagi so‘nggi uchrashuvda Komor orollariga qarshi Accra Sports Stadium'da maydonga tushdi. Uchrashuvda g‘alaba yoki durang natija Ganaga mundial yo‘llanmasini kafolatlash uchun yetarli edi. “Tottenxem” hujumchisi Muhammad Kudus uchrashuvning 47-daqiqasida yagona golni kiritib, jamoasiga muhim g‘alaba keltirdi.
Saralash qoidalariga ko‘ra, to‘qqizta guruh g‘olibi avtomatik tarzda Jahon chempionatiga yo‘llanma oladi. To‘rtta eng yaxshi ikkinchi o‘rin egalari esa noyabr oyida o‘tadigan mini-turnirda ishtirok etib, FIFA ning pley-off bosqichiga chiqish uchun kurashadi. Bu bosqichda g‘olib jamoa Osiyo, CONCACAF, Janubiy Amerika va Okeaniyadan kelgan raqiblar bilan bahs olib boradi.
Shu bilan birga, boshqa guruhlarda ham muhim natijalar qayd etildi. “A” guruhida Misrdan keyin ikkinchi o‘rinni olgan Burkina-Faso Efiopiyani 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Misr esa Gvineya-Bisauni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. “E” guruhida esa Niger Zambiyani 1:0 hisobida mag‘lub etib, ikkinchi pog‘onani egalladi.
Eslatib o‘tamiz, Gana terma jamoasi Jahon chempionatiga chiqqan 5- Afrika jamoasiga aylandi. Avvalroq Jazoir terma jamoasi ham 12 yillik tanaffusdan so‘ng mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.