G‘alladan bo‘shagan maydonlarning yarmi karantinda qiynalganlarga bo‘lib beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 24 aprel kuni aholi bandligini ta’minlash va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatlarini tiklash masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan navbatdagi videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

22 aprel kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror ishlatish, aholi bandligini ta’minlash, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari Samarqand va Namangan viloyatlari misolida muhokama qilingan edi. Bu galgi yig‘ilishda Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida shu borada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash – eng dolzarb masala. Bu boradagi katta rezervlardan biri esa bog‘ va tokzorlar qator oralaridir.

Farg‘ona viloyatida 34 ming gektar, Qashqadaryoda 22 ming gektardan ortiq maydonlarda bog‘ va tokzorlar bor. Lekin har yili faqat 20 foiz qator oralariga ekin ekiladi, xolos.

Shundan kelib chiqib, ushbu viloyatlar hokimlariga mavjud bog‘ va tokzorlar qator oralariga to‘liq ekin ekilishini tashkil qilish, shu orqali aholi bandligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.  

Foydalanishdan chiqqan va lalmi yerlarda quduq qazib, aholiga bo‘lib berish zarurligi qayd etildi. Buning uchun Farg‘onaga 15 milliard so‘m, Qashqadaryoga 11 milliard so‘m ajratilgan.

Kam ta’minlangan oilalarga qoramol, parranda va asalari uyasi tarqatib, kooperatsiya asosida aholi bandligini ta’minlash, mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.  

Bu yil suv kamligi sababli O‘zbekiston, Uchko‘prik, Yozyovon, Qo‘shtepa, Mirishkor, Nishon, Muborak va Kasbi tumanlarida takroriy ekinlarni sug‘orishda qiyinchiliklar bo‘lishi mumkin. Shu bois ushbu hududlarda suv kam talab qiladigan, eksportbop dukkakli ekinlar ekish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

G‘alladan bo‘shagan maydonlarning 50-60 foiziga fermer o‘zi ishchilari bilan ekin ekishi, qolgan qismini karantin sharoitida vaqtincha ishsiz qolgan va ko‘makka muhtoj aholiga bo‘lib berishni tashkil etish vazifasi yuklatildi.

Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlari hokimlari karantin qoidalariga amal qilgan holda korxonalarni ishga tushirish, aholi bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan hisobot berdi.

Shuningdek, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida ehtiyojmand oilalarga manzilli moddiy ko‘mak berish borasidagi ishlar, tadbirkorlar ilgari surgan tashabbuslar haqida aytib o‘tildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

142

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing