“G‘alaba xabari”. Eron AQSHning Qatar va Iroqdagi harbiy bazalariga hujum qildi (video)
Olam
−
23 iyun 49010 2 daqiqa
Eron AQSHning Qatar va Iroqdagi harbiy bazalariga qarshi harbiy amaliyot boshladi. Bu haqda IRNA xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, AQSH bazalariga qarshi amaliyotga “G‘alaba xabari” nomi berilgan.
Qatar Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Eron zarbalari oqibatida insoniy talofatlar qayd etilmagan.
“Ynet” nashrining yozishicha, Eron Qatardagi AQSH bazalariga 10 ta raketa, Iroqdagi AQSH bazasiga esa 1 ta raketa yo‘llagan.
Eron Qurolli kuchlari Qatarda joylashgan AQSHning Al-Udeyd harbiy bazasiga zarba berganini ham tasdiqlagan.
OAVga ko‘ra, Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi Qatardagi AQSH bazasiga raketali hujumdan so‘ng bayonot chiqargan.
“Qurolli kuchlarimizdagi millatning fidoyi o‘g‘lonlarining qat’iy harakati haqida Oq uy va uning ittifoqchilariga aniq va tushunarli xabar bor – Islomiy Eron qodir tangriga suyanib, imonli va ulug‘ Eron xalqiga tayanib, har qanday sharoitda ham o‘z hududiy yaxlitligi, suvereniteti va milliy xavfsizligiga qilingan tajovuzni javobsiz qoldirmaydi”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, nashr Qatar Tashqi ishlar vazirligining bu voqealarga bergan reaksiyasini ham e’lon qilgan.
Mazkur vazirlik bayonotida aytilishicha, Eronning bu zarbalari Qatar suvereniteti va havo hududi daxlsizligini ochiq-oydin buzgan, bu esa xalqaro huquq va BMT nizomiga zid sanaladi.
Ma’lumot uchun, Yaqin Sharqda joylashgan AQSH harbiy kontingentining umumiy soni turli ma’lumotlarga ko‘ra 40–50 ming kishini tashkil etadi. AQSH harbiy ob’ektlari Bahrayn, Misr, Isroil, Iordaniya, Iroq, Qatar, Quvayt, BAA, Saudiya Arabistoni va Suriya kabi kamida 19 ta hududda joylashgan. Mintaqadagi harbiy operatsiyalarga Jibuti va Turkiyadagi harbiy bazalarda joylashgan qismlar ham tez-tez jalb qilinadi.
Qatardagi Al-Udeyd aviabazasi – AQSHning Yaqin Sharqdagi eng yirik harbiy ob’ektidir. Bu yerda AQSH Qurolli Kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi shtabi joylashgan bo‘lib, CBS News va “Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, u yerda 8–10 ming atrofida AQSH harbiy xizmatchilari joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron harbiylari Suriyaning hududida joylashgan AQSH harbiy bazasiga zarba bergani haqida xabar berilgandi.