Gaiti Prezidentini o‘ldirishda gumon qilinganlar qo‘lga olindi

Olam

image

Avvalroq, 7 iyulga o‘tar tunda Gaiti Prezidenti Jovenel Moiz mamlakat poytaxti Port-o-Prenseda joylashgan Pelerin qarorgohida o‘ldirib ketilgani haqida xabar bergandik. 

Moizni o‘ldirishda gumon qilingan shaxslar hibsga olingan. Bu haqda mamlakat Aloqa vaziri Frans Ekzantus ma’lum qilgan.  

Noma’lum shaxslar Gaiti Prezidenti Jovenel Moizning qarorgohiga hujum qilib, siyosatchini o‘ldirib ketdi. Bu Moizga uyushtirilgan ikkinchi suiqasd bo‘lib, birinchi marta 2018 yilda Prezidentni o‘ldirmoqchi bo‘lishgan. Ammo o‘shanda uning o‘zi jarohat olmagan, o‘qlar qo‘riqchilarga tekkan. 

Joriy yilning fevral oyida to‘ntarish fitnasini aniqlagan Moiz 2022 yilda lavozimidan ketishini va saylangan Prezident uning o‘rnini egallashini ma’lum qilgan. 

Respublika Bosh vaziri Klod Jozefning so‘zlariga ko‘ra, hujumni amalga oshirgan noma’lum shaxslar guruhining ba’zilari ispan tilida gaplashgan. Gaitida esa fransuz tili rasmiy til hisoblanadi, lekin aholining deyarli hammasi gaiti kreol tilida gaplashadi. 

Ta’kidlanishicha, hujum oqibatida jarohat olgan mamlakatning birinchi xonimi hayoti uchun shifokorlar kurashgan. Qayd etilishicha, muvaqqat Prezident saylangunga qadar mamlakat Bosh vazir boshchiligidagi Vazirlar Kengashi tomonidan boshqariladi. 

Ma’lumot o‘rnida, Prezident Moiz otib o‘ldirilishidan 2 kun avval, ya’ni 5 iyul kuni mamlakatga yangi Bosh vazir Ariel Genrini tayinlagan. 

Gaiti Amerika qit’asida joylashgan eng qashshoq va beqaror davlatlardan biridir. U yerda doimiy ravishda ochlik, tabiiy ofatlar va davlat to‘ntarishlari bo‘lib turadi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Gaiti

Baholaganlar

187

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing