“GAI”lar ushlang meni”. YPX xodimlarini haqoratlagan tiktoker qamaldi (video)
3-sahifa
−
05 iyun 2023
14214Samarqand viloyatida tiktoker transport vositasini boshqarish davomida TikTok ijtimoiy tarmog‘ida jonli efir qilib, unda Samarqand viloyati Yo‘l patrul xizmatlariga haqoratomuz so‘zlar bilan murojaat qilgan. Tiktokerga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur shaxs jonli efir vaqtida o‘zining huquqbuzarlik sodir etganini va uni qayerdan topish mumkinligini aytgan.
“GAI”lar ushlanglar meni, 6 bakal pivo ichganman”, deydi tiktoker.
Boshqarmaning ma’lum qilishicha, viloyat IIB xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruvlar natijasida mazkur huquqbuzarlikni sodir etgan 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro topilib, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Tiktoker qilgan xatti-harakatlariga oid to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqilishi uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga yuborilgan.
“O‘zimning shaxsiy avtomobilimda O‘zbekiston Respublikasi YPX xodimlari haqida ozgina salbiy fikrlab, noto‘g‘ri gapirib qo‘ygandim. Aybimga to‘liq iqrorman. O‘zboshimchalik qilib, mashinamning to‘rtta oynasini “tonirovka” qildirgandim. Hujjatlari yo‘q edi. Ayb o‘zimdan o‘tganini tan olaman. Bu uchun barcha YPX xodimlaridan uzr so‘rayman. Qilgan ishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman”, deydi u.
Bildirilishicha, tiktoker yil boshidan beri 18 marta yo‘l harakati qoidalarini buzib, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan. Unga nisbatan sud organlari tomonidan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bloger Bobur Mansurov tomonidan qizlarni masxara qilib olingan nam salfetkalar reklamasi haqidagi video qonunchilikka zid deb topilgan edi. Blogerning ushbu videosi o‘chirtirilgan, uning o‘zi esa videoni namoyish qilishda xotin-qizlarni kamsitish maqsadi bo‘lmaganini ta’kidlagandi.
Shuningdek, yana bir instabloger Doniyor Qayumovga o‘z sahifasida e’lon qilgan videolaridan birida ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni targ‘ib qilgani uchun 6 mln so‘m jarima jazosi tayinlangan edi.
LiveBarchasi