11 yoshli bolaga rulni bergan ota javobgarlikka tortildi (video)

3-sahifa

image

Andijon viloyatida ota voyaga yetmagan 11 yoshli farzandiga avtomobilni boshqarishga berdi. YPX xodimlari tomonidan to‘xtatib, tekshirilganda bolaning otasi orqa o‘rindiqda, ukasi esa old yo‘lovchi o‘rindig‘ida ketayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, holat joriy yilning 13 iyul kuni Asaka tumani Yangisor mahallasi hududida xizmat olib borayotgan YPX xodimlari tomonidan qayd etilgan. Spark rusumli avtomobil to‘xtatilganda rul boshqaruvida 11 yoshli bola bo‘lgan. Old yo‘lovchi o‘rindig‘ida uning ukasi, orqa o‘rindiqda esa otasi o‘tirgani aniqlangan.

Ota esa o‘g‘li Yahyobek mashinani boshqarib ketayotganini, o‘zi orqa o‘rindiqda bo‘lganini aytib, bu holat boshqa takrorlanmasligini bildirgan.

Bildirilishicha, holat yuzasidan transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxsga avtomobilni bamaylixotir topshirgan otaga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, reyd davomida yana bir qoidabuzarlik ham fosh etilgan. Haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan yigit onasiga tegishli avtomobilni uning ruxsatisiz boshqarib ketayotgani aniqlangan. Yigitning aytishicha, onasi uxlab yotgan vaqtida mashinani olib chiqib ketgan.

Bundan tashqari, mast holatda avtomobil boshqargan haydovchining transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, reydlar boshlanganidan buyon turli qoidabuzarliklar sabab 4 mingdan ortiq avtomobil jarima maydoniga olib kirilgan.

Shuningdek, aniqlangan qoidabuzarliklar orasida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan 150 nafardan ortiq shaxsning rulga o‘tirgani, 400 dan ziyod haydovchilik guvohnomasisiz avtomobil boshqarish holati, qariyb 100 ta ruxsatsiz oyna qoraytirish hamda 80 ga yaqin mast holda transport vositasini boshqarish holati bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda mashinani haydab, yo‘l-transport hodisasini keltirib chiqargan to‘qqizinchi sinf o‘quvchisining otasi javobgarlikka tortilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing