GAI xodimlaridan qochgan haydovchi avtomobilini xizmat mashinasiga urdi (video)
3-sahifa
−
10:46 1998 2 daqiqa
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yo‘l-patrul xizmati xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, qochishga uringan haydovchi patrul avtomobiliga urilib, yo‘l transport hodisasi sodir etganidan so‘ng ushlandi. Bu haqda kecha, 12 avgust kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tungi xizmatga jalb qilingan yo‘l-patrul xizmati inspektorlari Nexia-2 rusumli avtomashinani hujjatlarini tekshirish maqsadida to‘xtatmoqchi bo‘lgan. Biroq haydovchi xodimning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, harakatini davom ettirgan.
Keyingi chorrahada xizmat olib borayotgan boshqa YPX xodimi ham haydovchiga bir necha bor to‘xtash ishorasini bergan. Shunga qaramay, u Ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, harakatni davom ettirgan.
Shundan so‘ng patrul ekipaji qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Nexia-2 avtomashinasining yo‘lini xizmat avtomobili yordamida to‘sishga uringan. Biroq haydovchi patrul avtomobiliga urilib, YTH sodir etgan va yana voqea joyidan yashirinishga uringan.
Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida haydovchining shaxsi aniqlanib, u qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan haydovchi o‘z xatti-harakatini izohlab, hujjatlari yo‘qligi sababli YPX xodimlaridan qo‘rqqanini, ularga bo‘ysunmasdan qochib ketganini bildirgan. Shuningdek, qilgan ishidan afsusda ekanini va bunday holatni takrorlamasligini aytgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida yo‘l-patrul xizmati xodimlaridan qochgan 26 yoshli mototsiklchi 15 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi