Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudda Rossiyaga qarshi 2 ish ochildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Kremlga qarshi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq ikkita ish ochmoqchi. Bu haqda kecha, 13 mart kuni “New York Times” gazetasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur ikki ish urush boshlanganidan beri qo‘zg‘atilgan birinchi xalqaro ayblov bo‘lib, maxsus tergov guruhlari tomonidan bir necha oy davomida  o‘tkazilgan tekshiruvlardan so‘ng paydo bo‘lgan. Birinchi ayblov Rossiyaning ukrainalik bolalar va o‘smirlarni o‘g‘irlab, ularni qayta tarbiyalash lagerlariga jo‘natgani haqida bo‘lsa, ikkinchisi Kremlning Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmalari – elektr va suv stansiyalarini ataylab nishonga olgani haqida. 

Manbaga ko‘ra, Xalqaro jinoiy sudning Bosh prokurori Karim Xon o‘z ayblovlarini avvalo sudyalar hay’atiga taqdim etishi kerak. Hay’at hibsga olishga order berishda qonuniy me’yorlar bajarilgani, tergovchilarga qo‘shimcha dalillar kerak yoki yo‘qligini hal qiladi. Biroq sud haligacha jinoyatlar bo‘yicha kimni ayblashni rejalashtirganini ochiqlamagan. 

Ba’zi chet el diplomatlari va ekspertlarning aytishicha, sud Putinga ayb qo‘yishi mumkin. Bunga sabab qilib shuki, Xalqaro sud urush jinoyatlari, insoniyatga qarshi jinoyatlar yoki genotsid bilan bog‘liq ishlarda davlat rahbarining daxlsizligini tan olmaydi. 

Mutaxassislarning fikricha, sud ishi o‘ta qaltis bo‘ladi. Chunki mazkur ishlarni ayblanuvchilarning sud jarayonidagi ishtirokisiz ko‘rib chiqib bo‘lmaydi, Rossiya esa o‘z amaldorlarini sud ishlariga o‘ralashib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi.  

Ma’lumot uchun, 2022 yil 2 aprelda Karim Xon Xalqaro jinoiy sudga a’zo 39 ta davlatdan tavsiyanoma olganidan so‘ng, Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha zudlik bilan faol tekshiruvlar o‘tkazishga qaror qilgan. Ukraina ham Rossiyani javobgarlikka tortish uchun maxsus tribunal tuzishga chaqirgan. Keyinchalik bu g‘oya Yevroparlament va Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Xalqaro jinoiy sud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing