Tramp davlatlarni Xalqaro jinoiy suddan chiqishga chaqirdi
Olam
−
08:49 639 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp davlatlarni Xalqaro jinoiy suddan zudlik bilan chiqishga chaqirdi, ammo BMT Bosh Assambleyasi haftaligida hozircha faqat kichik Tinch okeani davlati Nauru bu chaqiriqni qo‘llab-quvvatlab, suddan chiqishga qaror qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Tramp joriy yil 22 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida Xalqaro jinoiy sudni yovuz va qonundan tashqari harakat qiluvchi tashkilot deb atagan hamda unga a’zo davlatlarni suddan chiqishga chaqirgandi.
“Men Xalqaro jinoiy sudga a’zo bo‘lgan barcha davlatlarni ushbu qonundan tashqari harakat qiluvchi tashkilotdan zudlik bilan rasman chiqishga chaqiraman”, degan Tramp.
Uning chaqiriqlari AQSHning Gaagada joylashgan sudga qarshi bosimni kuchaytirayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Vashington sud AQSH va Isroil kabi uning ta’sis shartnomasi — Rim statutini ratifikatsiya qilmagan davlatlar fuqarolari ustidan yurisdiksiya talab qilish orqali o‘z vakolatlaridan oshib ketayotganini ta’kidlamoqda.
Qayd etilishicha, bir qator davlatlar Xalqaro jinoiy suddan chiqish masalasini ko‘rib chiqqan bo‘lsa-da, Yevropa davlatlari, xususan, sudni xalqaro adolat tizimining muhim qismi sifatida himoya qilmoqda. Rim statutiga 125 davlat a’zo hisoblanadi.
Niderlandiya Bosh vaziri Rob Yetten kecha, 24 sentyabr kuni Bosh Assambleyadagi nutqida sud “hujum ostida” ekanini aytgan.
“Eng og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortishga qanday qilib qarshi bo‘lish mumkin? Menimcha, bunga faqat bitta javob bor: Xalqaro jinoiy sudga va xalqaro huquqiy tartibni himoya qiladigan boshqa institutlarga qo‘l tekkizmang”, degan Yetten.
Uning so‘zlari zaldagi delegatlar tomonidan olqishlar bilan kutib olingan.
“Reuters” suhbatlashgan manbalarga ko‘ra, AQSH Xalqaro jinoiy sud xodimlariga nisbatan moliyaviy sanksiyalar va viza cheklovlarini joriy qilgan. Shuningdek, Amerika rasmiylari sudning ishlash imkoniyatlariga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha sanksiyalarni tayyorlagan.
Tramp ma’muriyatining Xalqaro jinoiy sudga qarshi kampaniyasi, jumladan, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga nisbatan sud tomonidan 2024 yilda berilgan hibsga olish orderlari bilan ham bog‘liq. Sud Netanyaxu bilan bir qatorda o‘sha vaqtdagi Isroil mudofaa vaziri va HAMASning harbiy qo‘mondoniga ham order bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Prezidenti Donald Tramp BMTdagi nutqida bundan buyon AQSHda sun’iy intellekt (SI) “super intellekt” deb atalishini ma’lum qilgan va boshqa mamlakatlarni ham ularning ta’rifiga ergashishga chaqirgandi.