FVV tizimida ikki kishi koronavirusdan vafot etdi
Jamiyat
−
14 Sentabr 2020
9445Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ikki kishi koronavirusdan vafot etdi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Qo‘ng‘irot tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Kuanishbay Mirzabayevich Akimov hamda Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Qo‘shko‘pir tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i mayor Doniyor Rahimovich Jabborov koronavirus infeksiyasiga chalingani sabab, shifoxonaga yotqizilgan. Ular shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, vafot etgan.
Podpolkovnik Kuanishbay Akimov 20 yildan ortiq muddat davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Yong‘in xavfsizligi boshqarmasida turli lavozimlarda xizmat qilib kelgan.
Mayor Doniyor Jabborov esa vazirlik tizimida 2005 yil aprel oyidan buyon turli lavozimlarda xizmat qilgan.
“Yuqorida nomlari tilga olingan xodimlarimiz, afsuski, ko‘rinmas dushmanga qarshi kurashib, xalqimizning tinchligi va farovonligi yo‘lida o‘z xizmat burchini bajarish chog‘ida ushbu kasallikni yuqtirib olganlar.
Ular so‘nggi nafasiga qadar elu yurt manfaatlari yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilib, insonlarning tinch, xotirjam va farovon hayoti uchun shirin jonlarini ayamadilar. Ko‘rsatgan fidoyiliklari va matonati aslo xotiramizdan o‘chmaydi”, deyiladi xabarda.