Futboldagi inqilob – Sport dayjesti

Tahlil

Ortda qolayotgan haftaning 3-kuni o‘zbek sporti uchun muhim voqealar bilan yodda qoldi. Bir tarafdan o‘zbek futbolchisi rasman dunyoning eng top jamoalaridan biriga borib qo‘shilgan bo‘lsa, ikkinchi tarafda O‘zbekistonda futbol sport turining negizi hisoblangan tashkilotda katta o‘zgarishlar bo‘lib o‘tdi va undan tashqari Jahon chempionati saralashi o‘z kulminatsiyasiga yaqinlashgan bir davrda mamlakatning bosh futbol jamoasi murabbiylar shtabida ham o‘zgarish kuzatildi.

Assalomu alaykum. Yirik transferlar, O‘FA o‘zgarishlar va boshqa bir qator muhim jihatlar bilan yodda qolgan hafta sportiga oid trenddagi mavzular bilan QALAMPIR.UZ’da Sport dayjesti.

Nihoyat, “Manchester Siti” Husanov transferini e’lon qildi 

Angliyaning “Manchester Siti” klubi o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov transferini e’lon qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

20 yanvar kuni markaziy himoyachi tibbiy ko‘rikdan o‘tdi va klub Husanovni o‘z futbolchisi sifatida tanishtirdi. 
Ma’lumot o‘rnida, “shaharliklar” Abduqodir Husanovni “Lans”dan bonuslarni hisobga olganda 50 million yevroga sotib oldi. Tomonlar o‘rtasidagi shartnoma 4,5+1 sxemasida tuzildi. 

Husanov “Man Siti” libosida ilk marta intervyu berdi 

Angliyaning “Manchester Siti” futbolchisiga aylangan o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov klub matbuot xizmatiga intervyu berib, Angliyaga sovrin yutgani kelganini bildirdi. 

“Men judayam xursandman bu jamoaga qo‘shilganimdan. Bu klub dunyoning eng yaxshi jamoasi. Men bu yerga sovrin yutgani keldim. Bu jamoa katta jamoa. Murabbiyi eng yaxshi murabbiylardan biri. Shuning uchun keldim”, deydi Husanov.

Husanov futbolga qanday kirib kelganiga ham izoh berib, faoliyati qanday rivojlanib borganiga ham izoh berdi. 

“Dastlab, “Toshkuch” jamoasida boshlaganman. Undan “Bunyodkor” akademiyasiga o‘tganman. Professional faoliyatimni Belarusda boshlaganman. 18 yoshimda Fransiyaga keldim. Mana endi Angliyadaman”, deydi Husanov.

Futbolchi yangi klubida nega aynan 45-raqamni tanlaganini va nega aynan takliflar orasidan "Siti" variantiga to‘xtalganini ham ochiqladi.

“Belarusdagi faoliyatimda 45-raqam ostida to‘p tepganman. Shuning uchun 45-raqamni oldim. Avval aytganimdek, eng yaxshi jamoa, murabbiy va chempionat bo‘lgani uchun. “Manchester Siti” o‘yinlarini bolaligimdan ko‘rib kelganman. O‘yin uslubi o‘zgacha, ko‘pchiliknikiga o‘xshamaydi. Chunki men har doim eng yaxshisini tanlaganman. Hozir ham eng yaxshilar bilan ishlash uchun keldim. Men qiyinchiliklarni ko‘rib katta bo‘lganman. Buyog‘iga ham to‘xtash yo‘q. Men uchun, balki butun O‘zbekiston uchun birinchi APL futbolchisi. Bu jarayon hali davom etadi”, deydi Husanov.

Suhbat davomida 20 yoshli futbolchi O‘zbekistonning JCH-2026 chiqish imkoniyatini ham baholadi. 

“Bizda futbolga bo‘lgan e’tibor kundan kunga ortmoqda. Hamma bizni Jahon chempionatiga chiqishimizni xohlayapti va o‘ylayapti.Chiqishimizga bir qadam qoldi”, deydi futbolchi.

Husanov, shuningdek, otasi bilan bog‘liq savolga ham javob qaytardi. 

“Dadamning futbol o‘yinlarini ko‘rib turardim va menda ham shu sport turiga qiziqish boshlangan va hozirgi darajaga chiqishimda dadam katta rol o‘ynagan. Har mashg‘ulotdan keyin, o‘yindan keyin xato va kamchiliklarni o‘tirib tahlil qilamiz”, deydi futbolchi.

“Manchester Siti”dagi barcha futbolchilar Husanovni jamoada ko‘rishdan mamnun – klub sport direktori

Angliyaning “Manchester Siti” klubi sport direktori Chiki Bergistayn o‘zbekistonlik futbolchi haqida fikr bildirdi. Bu haqda u futbolchi tanishtiruvi yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

“Shaharliklar” sport direktori futbolchining yuksak salohiyatga ega ekanini ta’kidlab, “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tganidan xursandligini bildirdi.

“Biz Abduqodirni safimizga qo‘shib olganimizdan xursandmiz. Uning jamoamiz rivojiga hissa qo‘shishini sabrsizlik bilan kutyapmiz. Husanov juda aqlli futbolchi, kuchli agressiv va nihoyatda tezkor. Gvardiola bilan ishlash uni yanada kuchliroq qiladi. U bilan gaplashib, doimo o‘z ustida ishlashga qaror qilganini tushundim. Uning kelishi Yevropadagi eng yaxshi jamoalardan biri sifatida o‘z mavqeyimizni mustahkamlash uchun ajoyib imkoniyat. “Manchester Siti”dagi barcha futbolchilar Abduqodir Husanovni jamoada ko‘rishdan mamnun”, deydi Bergistayn.

Ma’lumot o‘rnida, o‘zbekistonlik futbolchi yangi jamoasida 45-raqam ostida to‘p tepadi va u o‘zbek futbolchilari orasida ilk APLda o‘ynaydigani bo‘ldi. APLda futbolchilari o‘ynagan davlatlar soni 119 taga yetdi.

Abdusalom Azizov O‘FA rahbarligidan ketdi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov lavozimidan ozod etildi.  Uning vazifalari esa O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov zimmasiga vaqtinchalik yuklandi. Bu haqda O‘FA xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 22 fevral kuni navbatdan tashqari saylov kongressi bo‘lib o‘tadi va o‘sha kuni assotsiatsiyaga yangi rahbar saylanadi.

Ma’lumot uchun, Abdusalom Abdumavlonovich Azizov 1960 yilning 20 yanvarida Toshkent shahrida tug‘ilgan. U O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan.  2003-2006 yillarda “O‘zbekneftegaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruv raisi, 2006-2008 yillarda “O‘zbekneftmahsulot” AK bosh direktori, 2008 yilning noyabr-dekabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, 2008 yil dekabrdan 2009 yil dekabrgacha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, shu bilan birga O‘zbekiston futbol federatsiyasining vitse-prezidenti, 2009 yildan 2017 yilgacha Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, 2017 yil yanvardan sentyabrgacha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, 2017 yil sentyabrdan 2019 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, 2019 yildan 2024 yilgacha esa DXX raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.  U 2017 yilda general-mayor, 2019 yilda general-leytenant harbiy unvoni bilan taqdirlangan. 
Katanets O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiyligidan ketdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiyi Srechko Katanets sog‘ligidagi muammo sabab, iste’foga chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, tashkilot Katanetsning sog‘ligidagi muammolar sabab, tuzilgan shartnomani o‘zaro rozilik bilan bekor qildi.

Sloveniyalik mutaxassis o‘z murojaatida hozirgi holatida vazifalarini to‘laqonli, professional tarzda bajara olmaganini afsus bilan qayd etdi. Doimiy qo‘llab-quvvatlagani va samarali hamkorlik uchun assotsiatsiyaga o‘z minnatdorligini bildirdi. Terma jamoaga Jahon chempionati saralash bahslarida omad tiladi.

O‘FA va Srechko Katanets o‘rtasidagi shartnoma o‘zaro do‘stona munosabatlarni saqlagan holda bekor qilindi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy terma jamoa bosh murabbiyi lavozimiga munosib nomzodni tayinlash borasida ish olib bormoqda.
Kapadze O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi etib tayinlandi

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasini Olimpiadaga olib chiqqan mutaxassis Temur Kapadze milliy terma jamoa murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, O‘FA milliy terma jamoa bosh murabbiyligi uchun bir qator nomzodlarni o‘rganib chiqqan va tahlil qilgan. 

“Mahalliy va xorijlik tajribali mutaxassislar bilan muzokaralar o‘tkazildi. Shu bilan birga, murabbiylar kengashi tomonidan taqdim etilgan tavsiyalar ham batafsil ko‘rib chiqildi”, deyiladi xabarda. 

Ma’lum qilinishicha, Jahon chempionati saralashining hal qiluvchi o‘yinlariga oz vaqt qolganini hisobga olib, jamoa va futbolchilar bilan yaqindan tanish bo‘lgan, uzoq yillar davomida milliy terma jamoa safida to‘p surgan hamda bosh murabbiy va yordamchi murabbiy sifatida faoliyat olib borgan, shuningdek, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bilan tarixiy natijaga erishgan Temur Kapadze nomzodi ilgari surilgan. 

“Hozirgi yuzaga kelgan holatda O‘FA aynan Kapadzening murabbiylik iste’dodi, mas’uliyati, jamoa a’zolari orasida mavqei, qolaversa doimo yuqori maqsad sari intilish kabi jihatlari orqali muhim uchrashuarda ijobiy natija ko‘rsatishiga ishonadi”, deyiladi xabarda. 

Ayni kunlarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Qatarda yig‘in o‘tkazmoqda. Temur Kapadze ushbu yig‘inga qo‘shilib, jamoa boshqaruvini qo‘lga oladi.

Ma’lumot uchun, Temur Kapadze O‘zbekiston U-23 terma jamoasini Parij-2024 Olimpiadasiga olib chiqqan. Shuningdek, u mazkur jamoa bilan Osiyo kubogi kumush medalini qo‘lga kiritgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston O'FA Manchester Siti futbol Angliya Temur Kapadze Srechko Katanets Abduqodir Husanov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing