Futbol klublariga mashg‘ulotlarni boshlashga ruxsat berildi – O‘zPFL
Sport
−
30 may 2020
4917O‘zbekistonda professional futbol klublariga o‘z o‘quv mashg‘ulotlarini sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq holda boshlashga ruxsat etildi. Bu haqda O‘zbekiston Professional futbol ligasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zPFL yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olgan holda milliy chempionat bahslarini davom ettirish bo‘yicha o‘z rejalarini ishlab chiqqani va buni Superliga klublari bosh murabbiylari bilan muhokama qilgan.
“O‘zPFL bunga qadar Superliga o‘yinlarini 5 iyundan boshlab tiklash rejalarini ishlab chiqqandi. Biroq bu rejaga rasman ruxsat etilishi uchun bir necha kun kerak bo‘ldi. Shundan va klublarning mashg‘ulotlarni to‘laqonli boshlab ulgurmagani, qolaversa chempionat restarti oldidan futbolchilar o‘z formalarini tiklashi uchun biroz vaqt kerak ekanligidan kelib chiqib, O‘zbekiston chempionati aynan qaysi sanadan start olishi bo‘yicha alohida ma’lumot beriladi”, deyiladi tashkilot axborotida.
Ta’kidlanishicha, O‘zPFL rasmiy uchrashuvlarning boshlanish sanasini alohida ma’lum qiladi.
“Ayni vaqtda biz uchun eng muhimi – endilikda mashg‘ulotlarni rasman davom ettirish mumkin. Uzoq vaqt amaliyotsiz qolgan futbolchilar o‘z formasini tiklab olmasdan turib o‘yinlarga kirishsa, tabiiyki, jarohatlar ham avj oladi. Shu sababdan rasmiy uchrashuvlarning aynan qachondan davom ettirilishi borasida O‘zPFL alohida ma’lumot beradi”, deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 5 iyundan O‘zbekiston professional futbol ligasi chempionatlarini tomoshabinlar ishtirokisiz davom ettirishga ruxsat berildi.
LiveBarchasi