Fuqaroning nomiga kredit olgan bank rahbari ushlandi

3-sahifa

image

Buxoro viloyatida bank filialining sobiq rahbari fuqaroning xabari va roziligisiz uning nomiga kredit rasmiylashtirib, mablag‘ni o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, tijorat banklaridan birining Romitan filiali sobiq rahbari A.H., bank menejeri F.S. hamda mahallada sobiq hokim yordamchisi vazifasini vaqtincha bajargan S.X. o‘zaro til biriktirgan. Ular fuqaro H.A. ning ma’lumotlaridan foydalanib, uning roziligisiz 32,9 million so‘mlik kredit rasmiylashtirgan. Kredit mablag‘lari go‘yoki uch g‘ildirakli mototsikl xaridi uchun YATT “S.G.”ning hisob raqamiga o‘tkazilgan va keyinchalik naqdlashtirib olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu mablag‘lar gumonlanuvchilar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborilgan. Shuningdek, fuqaro H.A. nomiga rasmiylashtirilgan 35,9 million so‘mlik kredit qarzdorligi bo‘yicha ijro ishi qo‘zg‘atilganidan xabar topgan bank sobiq rahbari A.H. qarzdorlik go‘yoki to‘liq undirilgani haqida soxta hujjat tayyorlab, Majburiy ijro byurosiga taqdim etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qarshi tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inining sobiq raisi fuqarolarning nomiga ularning roziligisiz salkam 200 million so‘mlik kredit rasmiylashtirib, mablag‘larni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing