Fransiyalik hamkorlarimizga eshiklarimiz doim ochiq – Mirziyoyev 

Jamiyat

image

Bugun, 2 noyabr kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Samarqand shahrida qo‘shma biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat rahbarlari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Fransiya tomonidan tadbirda Tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik masalalari va xorijdagi fransuz fuqarolarining ishlari bo‘yicha vazir-delegat Olive Besht, Iqtisodiyot, moliya, sanoat va raqamli suverenitet vaziri huzuridagi sanoat masalalari bo‘yicha vazir-delegat Rolan Leskyur, “MEDEF International” biznes uyushmasi Bosh direktori Klod Imoven, Fransiya taraqqiyot agentligi Bosh direktori Remi Riu qatnashgan.

Bundan tashqari, tadbirda EDF, Voltalia, Total Energies, Orano, Eiffage, Veolia, SUEZ, Lactalis, Semai, Semmaris, Alstom, Airbus Helicopters, ATR, Vicat, Mobilitas, Boehringer Ingelheim, Thales, Aramine, Meridiame, Societe Generale, Natixis kabi yirik kompaniya va banklar rahbarlari ishtirok etgan.

Samarqanddagi uchrashuvni ochar ekan, Shavkat Mirziyoyev Prezident Emmanuel Makronni va Fransiya ishbilarmon elitasi vakillarini samimiy qutlagan.

Aytilishicha, yil boshidan o‘zaro savdo hajmi uch barobar, keyingi yillarda qo‘shma korxonalar soni to‘rt barobar ko‘paygan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo aloqalari va sanoat kooperatsiyasini yanada mustahkamlash ikki mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga mos ekani qayd etilgan.

“Bugun qadrli hamkasbim bilan nihoyatda samarali muzokaralarni o‘tkazdik, hamkorligimizning yangi davri boshlanayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Kelgusida o‘zaro munosabatlarimizni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish niyatidamiz”, degan O‘zbekiston Prezidenti.

U o‘z nutqida yetakchilar kelgusida savdo hajmlarini keskin oshirish, Fransiya kompaniyalarining investitsiyaviy faoliyatini faollashtirish masalalariga har tomonlama ko‘maklashishga kelishib olganlarini qayd etgan.

Bildirilishicha, bunda qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy qilinadi, biznes uchun yanada qulay sharoitlar yaratiladi va ishbilarmonlik tashabbuslariga har tomonlama ko‘maklashiladi.

Shu ma’noda, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Fransiya savdo palatasini tashkil etish bo‘yicha forum doirasida erishilgan kelishuvni olqishlagan. Bundan tashqari, Toshkent shahrida “Business France” agentligining ofisini ochish rejalari qo‘llab-quvvatlangan.

Bundan tashqari, Fransiya hukumati, yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari O‘zbekistondagi islohotlar dasturini faol qo‘llab-quvvatlashda davom ettirishidan manfaatdorlik bildirilgan.

“Bir narsani aniq aytishim mumkin – islohotlarimiz orqaga qaytmas tus oldi. Bizning bosh ustuvor maqsadimiz – kuchli fuqarolik jamiyati institutlari, zamonaviy infratuzilma va qudratli sanoatga ega bo‘lgan demokratik davlatni qurishdir”, deydi O‘zbekiston rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Fransiya sherikligini kengaytirish bo‘yicha to‘rtta eng ustuvor yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tgan va qator tashabbuslarni ilgari surgan.

Forumda O‘zbekiston “yashil” energetikadek muhim sohada strategik hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekani ta’kidlangan. Bu borada “EDF”, “Voltalia” va “Total Energies” kompaniyalari bilan yirik loyihalar boshlangan.

Kooperatsiyaning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida strategik xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va ilg‘or texnologiyalar asosida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish qayd etilgan. Bu sohada “Orano” kompaniyasi bilan sheriklikni kengaytirish rejalari borligi ta’kidlangan.

Shuningdek, suv resurslaridan samarali foydalanish va zamonaviy infratuzilmani barpo etish muhim ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. “SUEZ”, “Eiffage” va “Veolia” kompaniyalari bilan birgalikda O‘zbekiston suv ta’minoti va isitish tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha katta ishlar olib borilayotgani ta’kidlangan.
Navbatdagi muhim yo‘nalish sifatida qishloq xo‘jaligida raqobatbardoshlikni oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga katta e’tibor qaratilgan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston hududlarida zamonaviy agrologistika majmualarini qurish bo‘yicha Fransiya bilan faol hamkorlik qilinishi qo‘llab-quvvatlangan.

O‘zbekiston Prezidenti biznes forumi ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida amaliy muloqotni jadallashtirish hamda yangi o‘sish nuqtalarini belgilab olishga qaratilgani bilan ayniqsa ahamiyatli ekanini ta’kidlagan.

“Yangi O‘zbekistonda ishlash uchun fransiyalik hamkorlarimizga eshiklarimiz doim ochiq ekanini, qanday foydali qo‘shma loyihalaringiz bo‘lsa, amalga oshirishga doim tayyorligimizni ta’kidlamoqchiman”, degan Mirziyoyev so‘zining yakunida.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham biznes forum ishtirokchilariga murojaat qilib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlab, ushbu siyosat tufayli ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlik uchun katta imkoniyatlar ochilganini qayd etgan. 

Biznes forumi yakunida energetika, metallurgiya, suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa muhim sohalarda erishilgan kelishuvlar bo‘yicha salmoqli hujjatlar to‘plami imzolangan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 noyabr kuni Emmanuel Makron Samarqandga yetib kelgandi. Bugun, 2 noyabrda Kongress markazida uni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Oldinroq Mirziyoyev va Makron tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazgandi. Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron Qo‘shma bayonot qabul qildi. Prezidentlar huzurida moliya, ta’lim, madaniyat va ikki tomonlama hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha 8 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. Makron kelishidan oldin “Bloomberg” nashri Fransiya Prezidentining Qozog‘iston va O‘zbekistonga safaridan maqsad mamlakatning energiya xavfsizligini yaxshilash ekanini  yozgandi. AFP esa Yelisey saroyidagi manbasiga tayanib, Makronning Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrifidan mintaqada AQSH va Yevropa Ittifoqi bilan birga Parij ham o‘z vaznini saqlab qolishini maqsad qilganini xabar bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Shavkat Mirziyoev Samarqand O'zbekiston Emmanuel' Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing