Fransiyadagi tartibsizliklarga kompyuter o‘yinlari sabab bo‘ldi – Makron

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron asli jazoirlik 17 yoshli o‘smir politsiya tomonidan otib tashlanganidan so‘ng mamlakatda boshlangan tartibsizliklarda videoo‘yinlarni aybladi. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Makron Fransiyadagi hozirgi vaziyat bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida namoyishlarda qatnashayotganlarning uchdan bir qismi voyaga yetmaganlar ekani hamda ular bunda kompyuter o‘yinlaridan “ilhomlanayotganini” aytgan.

Davlat rahbari ota-onalarga murojaat qilib, ularni tartibsizliklarda hukumatni ayblashdan oldin buni yuzaga keltirgan bolalarni tashqariga chiqarmaslikka chaqirgan.

“Ularni uyda saqlash ota-onalarning mas’uliyati. Ularning o‘rniga harakat qilish davlatning majburiyati emas”, deydi u.

Prezident, shuningdek, media tashkilotlaridan ijtimoiy tarmoqdagi tartibsizliklar, banklarning talon-toroj qilinishi, barrikadalar o‘rnatilib, avtomobillar yoqilishi aks etgan kontentni o‘chirishni so‘ragan.

“Platformalar va tarmoqlar so‘nggi kunlardagi voqealarda katta rol o‘ynamoqda. Ko‘rdikki, Snapchat, TikTok va boshqa bir qancha tarmoqlar zo‘ravonlik yig‘inlari tashkil etiladigan joy bo‘lib xizmat qilyapti. Biroq zo‘ravonlikka taqlid qilishning bir shakli ham borki, bu ba’zi yoshlar uchun ularning reallik bilan aloqasini yo‘qotishiga olib keladi. Bu xuddi ular o‘zlarini zaharlagan videoo‘yinlarni ko‘chada sinab ko‘rayotgandek tasavvur uyg‘otadi”, deya qo‘shimcha qiladi davlat rahbari.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiya shaharlarida tartibsizliklar bilan bog‘liq vaziyat keskinlashib bormoqda. Birgina 29 iyunning o‘zida tartibsizliklar fonida mamlakat bo‘ylab 3880 ta yong‘in sodir bo‘lgan. Undan 1919 ta avtomobil va 492 ta bino zarar ko‘rgan.

Namoyishchilar orasida ilk bor 12 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ham uchratishgan. Ular 30-50 kishidan iborat uyushgan guruhlarda harakat qilib, o‘t qo‘yishda qatnashgan. Namoyishlar, hatto, boshqa qit’ada ham sodir bo‘ldi. Gap shundaki, Janubiy Amerikaning shimoli-sharqiy qismida joylashgan Fransiya Gvineyasida ham namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashgan. Ular axlat uyumlarini yoqib, mashinalarga tosh otishga uringan. Tartibsizliklar vaqtida bir kishi tasodifan o‘q yeb, halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 iyun kuni Parij yaqinidagi Nanter shahrida politsiya xodimi yo‘l nazorati paytida bo‘ysunishni istamagan 17 yoshli asli jazoirlik o‘smirni otib o‘ldirgandi. Shundan so‘ng butun mamlakatni norozilik namoyishlari to‘lqini qamrab oldi. Bu paytda Belgiyaning Bryussel shahrida Yevropa Ittifoqi sammitida ishtirok etayotgan Emmanuel Makron oldindan rejalashtirilgan matbuot anjumanini bekor qilib, shoshilinch ravishda Fransiyaga qaytib ketdi. Yuzaga kelgan tartibsizliklar Belgiyaga ham ko‘chib, u yerda 64 kishi, jumladan, 47 nafar voyaga yetmagan shaxs qo‘lga olindi. Fransiyada esa hozirda pogromlar ortidan hibsga olinganlar soni mingdan ortdi.


Maqola muallifi

Teglar

tartibsizliklar Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing