Fransiyada yana ish tashlash: Parij axlatga to‘lib ketdi (fotogalereya)
Olam
−
13 mart 2023
9285Fransiya poytaxti Parij chiqindi yig‘uvchilar va chiqindilarni yoqish zavodlari ishchilarining ish tashlashi oqibatida axlatxonaga aylandi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Qyd etilishicha, Parij ko‘chalaridagi axlatlar yetti kundan beri tozalanmaydi. Oqibatda shahar oziq-ovqat va boshqa chiqindilar solingan qoplarga to‘lib ketgan.
Ishchilar eng kam pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshgacha oshirishni nazarda tutuvchi pensiya tizimi islohotiga qarshi chiqmoqda.
Mahalliy aholi va sayyohlar chidab bo‘lmas hiddan, ko‘chalarda kalamush va sichqonlarning paydo bo‘lishidan shikoyat qilmoqda. Restoran va supermarketlar egalari antisanitariyadan xavotirda.
Rasmiylar axlat yig‘ish ishlariga xususiy kompaniyalarni jalb qilish orqali muammoni hal qilishga urinayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, pensiya tizimidagi islohotlar ortidan nafaqat Parij, balki butun Fransiyada bir necha bor norozilik namoyishlari avj olgan. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa mamlakatda pensiya yoshini oshirish zaruratini umr ko‘rish davomiyligi va pensionerlar soni oshishi bilan izohlagan.