Fransiyada namoyishlar avj oldi

Olam

image

Bugun, 31 yanvar kuni Parij aholisi bir oy ichida ikkinchi marta pensiya yoshini 2030 yilgacha 62 yoshdan 64 yoshgacha oshirishni nazarda tutuvchi pensiya islohotiga qarshi namoyishga chiqdi. Bu haqda “France24” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, namoyishchilar norozilik yurishini Italiya maydonidan boshlagan va Parijning tarixiy markazidagi Invalides maydoni tomon harakatlanishgan. Kasaba uyushmalari “Biz pensiya uchun yana ikki yil kutishga rozi emasmiz” shiori ostida Parijda 100 ming, butun Fransiya bo‘ylab 1 milliondan ortiq odamni ko‘chaga olib chiqishga erishgan.

Demokratik Mehnat Konfederatsiyasi vakillariga ko‘ra, namoyishlarda 19 yanvarda bo‘lgan birinchi namoyishga qaraganda ko‘proq odam qatnashmoqda. 
“Bugun fransuzlar faolroq, kolonnalarda o‘tgan safargidan ko‘ra ko‘proq namoyishchilar bor. Hukumat uning islohotini qabul qilib bo‘lmasligi haqida aniq signal oladi”, dedi kasaba uyushmalari markazi rahbari Loran Berger.

Transport sohasidagi “Qora seshanba”

Ertalab boshlangan ish tashlashlar Parijdagi barcha transport turlari ishida jiddiy uzilishlarga olib kelgan. Ayniqsa kunlik yo‘lovchilar oqimi 4 milliondan ortiq bo‘lgan Parij metrosiga bu katta ta’sir ko‘rsatgan. Masalan, poyezdlar sezilarli kechikishlar bilan harakatlangan, ko‘plab stansiyalar yo‘lovchilarning kirish va chiqishlari uchun yopib qo‘yilgan. Shu bilan birga, 31 yanvar kuni Parij metrosining deyarli barcha stansiyalarida transport ishidagi uzilishlar haqida ogohlantirishlar yangragan. Shu sababli, shahar aholisi, shu jumladan ish tashlovchilar ham velosipedlardan foydalanishgan. Buning ortidan velosiped yo‘llarida har qachongidan ham ko‘proq tirbandlik vujudga kelgan.
Shuningdek, ish tashlashlar sababli poytaxtda bir qator ta’lim muassasalari ham yopilgan. O‘qituvchilarning yarmidan ko‘pi ish tashlashda bo‘lgan ko‘plab litseylar to‘sib qo‘yilgan.

Merning birdamligi

Namoyishchilar bilan birdamlik uchun bugun, 31 yanvar kuni Parij meriyasi ham yopilgan. 
“Ijtimoiy yutuqlarimizni tizimli ravishda yo‘q qilishni hech qachon qabul qilmaymiz. Ijtimoiy harakat bilan birdamlik uchun shahar meriyasi bugun jamoatchilikka yopiq”, deb yozgan Parij meri Ann Hidalgo o‘z Twitter sahifasida.

Viloyatlardagi norozilik namoyishlari

Ish tashlash tashkilotchilarining chaqirig‘i Fransiya viloyatlarida ham qo‘llab-quvvatlandi. Shunday qilib, Tulonda politsiya namoyishga qo‘shilgan. Politsiya kasaba uyushmalari vakillarining ta’kidlashicha, huquq-tartibot idoralari xodimlari xizmat sharoitlari og‘irligi sababli nafaqa olish uchun qo‘shimcha ikki yil davomida ko‘chalarda patrullik qilishga tayyor emaslar.

Marselda esa namoyishchilar o‘z yurishlarini eski portdan boshlagan. Ularga “Bo‘ysunmas Fransiya” chap qanot partiyasi asoschisi Jan-Lyuk Melashon boshchilik qilgan. Uning ta’kidlashicha, Fransiya tarixi bundan buyon “31 yanvargacha va undan keyingi” davrlarga bo‘linadi.

Lionda ham talabalar Siyosiy fanlar instituti binosini to‘sib qo‘yishgan. Renn shahrida esa ish tashlovchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. Bordo, Brest, Gavr, Nitsa, Orlean, Tuluza shaharlarida ham ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda.

Born rejasi

Fransiya Bosh vaziri Elizabet Born tomonidan 10 yanvarda taqdim etilgan islohot loyihasi 2030 yilga kelib eng kam pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshga bosqichma-bosqich oshirishni, eng kam to‘liq pensiya miqdorini 1,2 ming yevrogacha oshirishni nazarda tutardi. Rejaga ko‘ra, mamlakatda amaldagi ko‘plab maxsus pensiya rejimlari bekor qilinadi. Bu esa ayniqsa transport va energetika sohasi xodimlariga ta’sir qiladi. Kecha, 30 yanvar kuni Born rejasi Milliy assambleya (respublika parlamenti quyi palatasi) ga ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi.

Bosh vazir Born esa vazirlar mahkamasi tomonidan pensiya yoshini oshirish bo‘yicha taklif to‘g‘risida hech qanday muzokaralar olib borilmasligini aytgan. Shuningdek, transportga mas’ul vazir-delegat Klement Bon ham loyihaning mohiyati o‘zgarmasligini ta’kidlagan.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing