Fransiyada pensiya islohoti: va nihoyat Makron “tilga kirdi”
Olam
−
21 fevral 2023
8023Avval xabar berganimizdek, Fransiyada 2030 yilgacha pensiya yoshini 62 dan 64 gacha oshirish to‘g‘risida qonun chiqarilishi ortidan butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari avj olgan edi. Bugun, 21 fevral kuni esa Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakatda pensiya yoshini oshirish zaruratini umr ko‘rish davomiyligi va pensionerlar sonini oshishi bilan izohladi. Bu haqda Yelisey saroyining Twitter sahifasida xabar berildi.
Qayd etilishicha, Makron Parijdan 13 km janubda joylashgan Rungis ulgurji bozori xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazgan.
“Hozirda 20 yil oldingiga qaraganda kamroq ishchilar bor, pensionerlar esa ko‘p, chunki uzoqroq yashayapmiz. Biz bir xil pensiya yoshini saqlab qolishimiz mumkin, deb aytish noto‘g‘ri, bu ish bermaydi”, degan Fransiya rahbari.
Shuningdek, Makron islohot davlatni boyitishga yordam berishini ta’kidlagan. Fransiya rahbari odamlar o‘rta hisobda bir oz ko‘proq ishlashi kerakligini tushinishini, aks holda davlat pensiyalarni to‘g‘ri moliyalashtira olmasligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi o‘rtalarida Fransiya bosh vaziri Elizabet Born 2030 yilgacha pensiya yoshini 62 dan 64 ga ko‘tarishni nazarda tutuvchi islohot loyihasini taqdim etgan. Loyiha eng kam pensiya miqdorini 1,2 ming yevrogacha oshirish va turli sohalarda bir qator maxsus pensiya rejimlarini bekor qilishni nazarda tutgan. Hukumatning bu tashabbusi kasaba uyushmalarining e’tiroziga sabab bo‘lib, ular bunga qarshi besh marta norozilik namoyishi o‘tkazgan.
Keyinchalik rasmiylar ayrim toifadagi ishchilarga 63 yoshida pensiyaga chiqish imkoniyatini o‘rganayotganini bildirgan. Bunday yangi normalar 21 yoshga to‘lmasdan mehnat faoliyatini boshlagan va kamida 43 yil davomida pensiya to‘lovlarini amalga oshirgan fuqarolarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.
Shuningdek, joriy yilning 31 yanvar kuni Parij aholisi bir oy ichida ikkinchi marta pensiya islohotiga qarshi namoyishga chiqdi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi