Fransiyada Makronning reytingi tushib ketdi

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning reytingi mamlakatda pensiya islohoti sabab bo‘lgan ommaviy norozilik namoyishlari fonida so‘nggi to‘rt yildagi eng past darajaga yetdi. Bugun, 28 mart kuni e’lon qilingan BVA ijtimoiy so‘rovi natijalari shundan dalolat berdi. 

Sotsiologlarga ko‘ra, so‘rovnomada qatnashgan fransuzlarning atigi 28 foizi Makronning prezident sifatidagi harakatlaridan qoniqish hosil qilgan. Bu fevral oyi oxirida qayd etilganidan 6 foizga kam. 

“Shunday qilib, davlat rahbarining reytingi 2018 yilning noyabrida “sariq jiletlilar” harakati avjida kuzatilgan eng past darajaga – 26 foizga yaqinlashmoqda”, deyiladi so‘rovnoma natijalarida.

Bosh vazir Elizabet Bornga kelsak, uning reytingi ham bir oy ichida 28 foizga tushib ketgan. Tadqiqotchilarning fikricha, bu uning 2022 yil may oyida Vazirlar Mahkamasi rahbari etib tayinlanganidan beri eng past ko‘rsatkichdir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘rov joriy yilning 24-25 mart kunlari o‘tkazilgan. Unda Fransiyaning 18 yoshdan oshgan ming nafar aholisi ishtirok etgan. Tadqiqot pensiya islohoti muhokamasi boshlanganidan beri fransuz jamiyatida paydo bo‘lgan bir nechta tendensiyalarni tasdiqlagan. Masalan, so‘rov fransuzlarning aksariyati (70%) pensiya yoshini oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasining qabul qilinishiga qarshi ekanini ko‘rsatgan. So‘rovnomada qatnashganlarning 64 foizi hukumat choralariga qarshi ish tashlashlar va noroziliklarni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tizimning moliyaviy muvozanatini ta’minlash maqsadida pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshgacha oshirish va maxsus pensiya rejimlarini bekor qilishni nazarda tutuvchi islohot joriy yilning yanvar oyida taqdim etilgan edi. Taklif etilayotgan o‘zgarishlar darhol ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘lgan, butun mamlakat bo‘ylab bir necha bor ommaviy namoyish va ish tashlashlar o‘tkazilgandi. Joriy yilning 16 mart kuni esa Bosh vazir parlamentni chetlab o‘tib, hukumat mas’uliyati ostida pensiya ta’minoti tizimiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinishini ma’lum qilgandi. Kasaba uyushmalari va muxolif siyosiy partiyalar vakillari hukumatning bu harakatini qoralab, butun mamlakat bo‘ylab ish tashlashlarni ko‘paytirishga chaqirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya reyting namoyish ish tashlash Makron norozilik pensiya islohoti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing