Fransiya Ukraina uchun uzoq masofali raketalarni yetkazib berdi

Olam

image

Fransiyaning birinchi uzoq masofali Scalp raketalari allaqachon Ukraina hududiga yetkazilgan. Bu haqda “France-Press” agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Fransiya Buyuk Britaniya tomonidan yaqinda Ukrainaga berilgan 250 dan 560 kilometrgacha masofadagi nishonlarni yo‘q qila oladigan Storm Shadow raketalarining analogi hisoblangan Scalp havo-yer tipidagi raketaning katta partiyasini yuborgan.

Manbaga ko‘ra, Parij bunday turdagi raketalarning Ukrainaga berilishi eskalatsiya xavfini oshirishiga olib kelishiga ishonmaydi. Shuningdek, Fransiya Kiyevning bu raketalardan faqatgina xalqaro doiralarda tan olingan o‘z chegaralari ichida foydalanishiga kafolat bergan.

Avvalroq, mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaning qarshi hujumini qo‘llab-quvvatlash uchun unga uzoq masofali raketalarni yetkazib berishni tasdiqlagandi. Biroq yetkazib berilgan qurollarning miqdoriga aniqlik kiritilmagan.

Bu qarorga nisbatan Kreml ham munosabat bildirdi. Jumladan, Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov shunday dedi:

“Bizning nuqtai nazarimizdan, bu qaror Ukraina tomoni uchun oqibatlarga olib keladigan xatodir, chunki bu, albatta, bizni qarshi choralar ko‘rishga majbur qiladi”.

Ma’lumot uchun, Scalp raketalari ilk bor 1994 yilda Fransiya va Buyuk Britaniya bilan birgalikda ishlab chiqarilgan. Scalp va Storm Shadow bir turdagi raketalar bo‘lib, ular harbiy samolyotlar bilan birlashtirilgan holda qo‘llaniladi. Harbiy operatsiyalarda 2003 yildan buyon foydalanib kelinmoqda. Raketaning og‘irligi 1,3 tonna, uzunligi 5,1 metrni tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Buyuk Britaniya Ukraina uchun Storm Shadow raketalarini yuborgandi. Buni Rossiya tomoni “dushmanlik harakati”, deb baholagan. Shuningdek, Ukraina Germaniyadan ham Storm Shadow'ning nemis analogi bo‘lgan Taurus raketalarini so‘ragandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing