Ukraina hozirgacha hech kim unga bermagan kuchli raketani Germaniyadan olmoqchi

Olam

image

Ukraina Germaniyadan Taurus tipidagi qanotli raketalarni so‘radi. Bu haqda “Spiegel” xabar berdi

Qayd etilishicha, Taurus raketasi Buyuk Britaniya Storm Shadow raketasining nemis analogi hisoblanadi. Germaniya Mudofaa vazirligi mazkur xabarni tasdiqlagan. Ammo Ukraina qancha miqdorda raketa olish istagini bildirgani ma’lum qilinmagan. Vazirlik matbuot kotibining nemis nashrlariga bergan intervyusida mamlakat ushbu so‘rovni bir necha kun avval olganini aytgan, lekin Germaniyaning Ukrainaga raketa yetkazib berish ehtimoli qanchalik ekanini ochiqlamagan. 

Ma’lumot uchun, ushbu raketa Germaniya va Shvetsiya hamkorligida ishlab chiqarilgan bo‘lib, hozirda Germaniyadan tashqari Ispaniya va Janubiy Koreyada ham qo‘llaniladi. Taurus havodan uchiriladigan qanotli raketalar tipiga kiradi. Uning og‘irligi 1400 kilogramni, korpusining diametri 1 metrgachani tashkil etib, 500 kilometrgacha uzoqlikdagi nishonlarni yo‘q qilishi mumkin. Taurus 2005 yildan boshlab foydalanib kelinmoqda. Uning narxi 1,12 million dollarga baholanadi. 

Taurus tipidagi raketalar yuqori ahamiyatga ega ob’ektlar, harbiy bo‘linmalar yoki front chizig‘idan ancha ichkaridagi yonilg‘i quyish manzillari va chuqur joylashtirilgan bunkerlar kabi kuchaytirilgan nishonlarni yo‘q qilishi mumkin. 

Agar Germaniya Ukrainaning so‘rovini qanoatlantirib, unga Taurus raketalarini bersa, u Ukraina uchun uzoq masofali raketa yetkazib bergan ikkinchi davlatga aylanadi. Oldinroq Buyuk Britaniya 300 kilometr aniqlikda zarba bera oluvchi Storm Shadow raketasini Ukrainaga berishga rozi bo‘lgandi

Ukraina ancha vaqtdan buyon ittifoqchilaridan shu kabi uzoq masofali raketalarni yetkazib berishni so‘rab keladi. Biroq unga asosan qisqa masofali qurollar yetkazib berilyapti. Masalan, o‘tgan yilning oktyabr oyida Ukraina AQSHdan 297 kilometr aniqlikka ega ATACMS raketasini yuborishni so‘ragan. Biroq AQSH eskalatsiya xavfi sabab bu qurolni Ukrainaga berishni istamagan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Ukraina Taurus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing