Rossiya TIV Britaniyaning Ukrainaga raketa berish haqidagi rejasini dushmanlik harakati deb baholadi

Olam

image

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Buyuk Britaniyaning Ukrainaga 300 kilometr uzoqlikdagi nishonlarni yo‘q qila oladigan Storm Shadow raketalarini berish haqidagi rejasiga munosabat bildirdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi

Qayd etilishicha, vazirlik bergan bayonotida Storm Shadow raketasining Ukrainaga topshirilishini dushmanlik harakati deb baholagan. 

Jumladan, bayonotda shunday deyiladi: 

“Moskva Londonning Storm Shadow raketa tizimini Ukrainaga topshirish qarorini jiddiy eskalatsiyaga olib keladigan dushmanlik harakati, deb biladi. Uzoq masofali raketalarning Ukrainaga o‘tkazilishi Buyuk Britaniyaning Ukrainadagi mojaroga aralashishining misli ko‘rilmagan darajasidan dalolat beradi”. 

Ma’lumot uchun, Ukraina uzoq vaqtdan beri G‘arbdan shunday turdagi raketalarni berishini so‘rab keladi. Ammo AQSH boshchiligidagi ittifoqchilar mazkur qurollar orqali Rossiya hududlariga zarba berilishi mumkinligidan cho‘chib, uning iltimosini qayta-qayta rad etayotgandi. Agar mamlakat uzoq masofali raketalarga ega bo‘lsa, Qrim va Ukraina sharqida vaqtincha bosib olingan hududlardagi Rossiya qo‘mondonlik punktlari, ta’minot liniyalari, o‘q-dori va yoqilg‘i omborlariga zarba berish imkoni yaratilishi va bu urushning borishini o‘zgartirishi mumkin. 

Xabarlarga ko‘ra, uzoq masofali raketalar front chizig‘idan ancha orqada turib, zarba berish orqali tanklar va piyoda qo‘shinlarga hujumga o‘tish uchun yo‘l ochib beradi. 

Storm Shadow qanotli raketalari Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan Ukraina samolyotlariga o‘rnatilishi mumkinligi ma’lum qilingan. Ushbu qurol orqali Rossiya hududiga ham zarba berish mumkin. O‘z navbatida Kiyev taqdim etilgan qurollardan Rossiyaga zarba berishda foydalanmaslikka va’da bermoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Buyuk Britaniya Ukraina raketa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing