Fransiya Rossiyaga tegishli aytilayotgan tankerni qo‘yib yubormoqchi

Olam

image

Fransiya rasmiylari qo‘lga olingan Rossiyaning “soya floti”ga mansub Grinch nomli neft tankerini milliy qonunchilik talablari va cheklovlari sababli qo‘yib yuborishga majbur. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 30 yanvar kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda so‘z ochdi.

Zelenskiyning aytishicha, bu masala bo‘yicha u bir kun avval Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon orqali muloqot qilgan. 

Makron Zelenskiyga Fransiya qonunchiligi hozircha bunday tankerlarni uzoq muddat ushlab turishga imkon bermasligini aytgan. Shu bilan birga, Fransiya Prezidenti kelajakda bunday holatlarda tankerlarni qo‘yib yubormaslik uchun mamlakat qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritish tashabbusi bilan chiqmoqchi ekanini bildirgan.

Shu orada Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova tanker Rossiya bilan bog‘liq emasligini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya harbiy-dengiz kuchlari tomonidan ushlangan tankerning ekipaji Hindiston fuqarolaridan iborat. Yuk kimga tegishli ekani va uning egasi kimligi esa noma’lum. Zaxarovaning ta’kidlashicha, shu sababli ushbu kemaning Rossiya bilan bevosita aloqasi yo‘q.

Qayd etish joiz, Grinch neft tankeri 22 yanvar kuni O‘rta yer dengizida qo‘lga olingan. Shundan so‘ng Emmanuel Makron Fransiya ushbu operatsiyada Buyuk Britaniya kabi bir qator ittifoqchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tanker xalqaro sanksiyalar ostida bo‘lgan va soxta bayroq ostida harakatlangan bo‘lishi mumkin.

Olti kun o‘tib, Marsel prokuraturasi tanker Rossiyaning “soya floti” bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi gumoni bilan unga nisbatan ma’muriy hibs qo‘llanganini e’lon qildi. Tanker kapitani 58 yoshli Hindiston fuqarosi hibsga olingan, biroq keyinroq ozod qilinib, kemaga qaytgan.Fransiyaning BFMTV telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Grinch Murmanskdan yo‘lga chiqqan va Komor orollari bayrog‘i ostida, ya’ni soxta bayroq bilan harakatlangan. Ushlanganidan so‘ng tanker Marsel–Fos portiga yo‘naltirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Frantsiya Emmanuel' Makron Grinch

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing