Fransiya PSJ g‘alabasidan so‘ng to‘polon ichida qoldi. 500 dan ortiq odam hibsga olindi (video)

Olam

image

Bugun, 1 iyun tongida Fransiyada futbol bo‘yicha UEFA Chempionlar Ligasi finalida “Pari Sen-Jermen” (PSJ) jamoasining g‘alabasidan keyin yuzaga kelgan ommaviy tartibsizliklar ortidan kamida 559 kishi politsiya tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda “Le Figaro” xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hibsga olinganlarning katta qismi – 491 nafari Parijda bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tartibsizliklar chog‘ida kamida 192 kishi tan jarohati olgan, ular orasida 22 nafar xavfsizlik xodimi va 7 nafar yong‘in o‘chirish xizmatlari xodimi bor.

Politsiya mamlakat bo‘ylab 692 ta tartibsizlik va mushakbozlik holatini qayd etgan.

Voqealar chog‘ida ikki kishi halok bo‘lgan. Daks kommunasida PSJning g‘alabasini nishonlash vaqtida 17 yoshli o‘smir ko‘kragidan pichoq bilan yaralanib, shifoxonaga yetkazilgan, biroq u yerda hayotdan ko‘z yumgan.

Parijning 15-okrugida esa bayram chog‘ida skuter minib ketayotgan ayolni avtomobil urib ketgan va u voqea joyida halok bo‘lgan.

Grenobl shahrida esa avtomobil olomon ichiga kirib ketgan, oqibatda to‘rt kishi jarohatlangan, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi bu harakatni ataylab qilmagan.

Ma’lumot uchun, 1 iyun kuni Fransiyaning PSJ jamoasi UEFA Chempionlar Ligasi finalida Italiyaning “Inter” klubini 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Mazkur o‘yin Germaniyaning Myunxen shahrida bo‘lib o‘tdi. PSJ o‘z tarixida ilk bor Chempionlar Ligasining g‘olibiga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 may kuniga o‘tar kechasi Parijda bo‘lib o‘tgan PSJ – “Arsenal” o‘rtasidagi o‘yindan keyin noma’lum shaxs qasddan avtomobilini muxlislar tomon haydagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya PSJ UEFA Chempionlar Ligasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing