Fransiya Polshaga yordam bermoqchi

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Polshaga mamlakat havo hududini himoya qilish uchun uchta Rafale qiruvchi samolyotini yuborish qarorini qabul qildi. Bu haqda u X tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.

Unga ko‘ra, Prezident bu qarorni Yevropani himoya qilish uchun qabul qilgan. 

“Rossiya dronlarining Polsha hududiga kirib kelishi munosabati bilan men uchta Rafale qiruvchi samolyotini safarbar etish qarorini qabul qildim. Bu chora Polshaning havo hududi va Yevropaning sharqiy qanotini NATOdagi ittifoqchilarimiz bilan birgalikda himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan”, deya yozgan Fransiya rahbari. 

Uning aytishicha, bu masalada Polsha Bosh vaziri Donald Tusk, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan kelishuvga erishilgan.

“Yevropa qit’asining xavfsizligi biz uchun eng yuqori ustuvor vazifadir. Biz Rossiyaning tobora kuchayib borayotgan qo‘rqitish uslublariga bosh egmaymiz”, deya qo‘shimcha qilgan Makron. 

So‘nggi kunlarda Polsha va Rossiya o‘rtasida bir qancha kelishmovchiliklar yuz bera boshladi. 10 sentyabr kuni tungi vaqtda Polsha havo hududining kamida 19 marta buzilishi qayd etilgan. Polsha tomonining talqiniga ko‘ra, bu dronlar Rossiyaga tegishli bo‘lgan. Tusk bu haqda NATO Bosh kotibiga xabar bergan. Moskva esa bunday dronlar Ukrainadan uchirilganini aytib, Polshaga zarba berish rejalashtirilmaganini bildirgan. 

Shu bilan birga, Polsha Rossiyaning uchuvchisiz uchoqlarining o‘z havo hududiga bostirib kirgani sababli BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini talab qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polsha Rossiya va Belarus o‘tkazayotgan “G‘arb-2025” qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari sababli Belarus bilan chegarasini to‘liq yopgandi. Bosh vazir Donald Tuskka ko‘ra, mashg‘ulotlar “harbiy nuqtayi nazardan juda agressiv” ko‘rinadi, shu sababli xavfsizlik chorasi sifatida nafaqat avtomobil, balki temiryo‘l o‘tish joylari ham to‘laqonli yopilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Pol'sha Emmanuel' Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing