Fransiya parlamentini suv bosdi (video)
Olam
−
10 Oktabr
3287Fransiya poytaxti Parijda kuchli yomg‘ir tufayli Milliy Assambleyaning (Fransiya parlamentining quyi palatasi) deputatlar qabulxonalari joylashgan VII okrugdagi binosini suv bosdi. Bu haqda BFMTV telekanali xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, suv bosishi tufayli parlament a’zolari va ularning yordamchilari zudlik bilan evakuatsiya qilingan. Ushbu holat parlamentning ishini qiyinlashtirgan. Chunki ayni paytda mamlakatning 2025 yilgi davlat byudjeti loyihasi muhokama qilinishi kerak edi.
Qayd etilishicha, ayni damda Parijda “Kirk” sikloni tufayli favqulodda to‘q sariq darajadagi ob-havo xavfi e’lon qilingan. Poytaxt meri shahar aholisini suv toshqinlari, elektr tarmoqlarida uzilishlar va transport bilan bog‘liq muammolar ehtimoli haqida ogohlantirgan. Ob-havo sharoitining yomonlashuvi sababli, hukumat xavfsizlikni ta’minlash uchun maksimal qizil xavf darajasini joriy etishni ham istisno qilmayapti.
Telekanal xabariga ko‘ra, Sena va Marna departamenti suv toshqinlaridan eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud bo‘lib, unda qizil darajadagi ob-havo xavfi e’lon qilingan. Bugun, 10 oktyabr kuni o‘nlab oilalar evakuatsiya qilingan, maktab transporti faoliyati to‘xtatilgan. Kulome kommunasi ko‘chalari butunlay suv ostida qolgan. Ekologik o‘zgarishlar vaziri Anes Pan’e-Ryunashe hududga kelib, suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar yo‘qligini ma’lum qilgan.
Lekin, telekanal xabariga ko‘ra, kecha, 9 oktyabr kuni kuchli to‘lqinlar oqibatida Ero departamenti sohillarida bir nafar yelkanli qayiqchi halok bo‘lgan.
Energiya tarmoqlari operatori Enedisning xabar berishicha, kecha, 9 oktyabr kuni kechqurun butun mamlakat bo‘ylab 67 ming uy elektrsiz qolgan. Yangi Akvitaniya, Il-de-Frans, Rona-Alp, Burgundiya-Fransh-Konte va Peyi-de-la-Luar mintaqalarida poyezdlar harakati izdan chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriya poytaxti Budapeshtda Dunay daryosi o‘zanidan toshib ketib, parlament binosi suv ostida qolgan edi.
LiveBarchasi