Fransiya qator rossiyalik jurnalistlarni Olimpiadaga kiritmaydi
Sport
−
21 iyul
5773Fransiya hukumati Parij shahri mezbonlik qiladigan yozgi Olimpiada o‘yinlariga bir qator rossiyalik jurnalistlarni kiritmaslikka qaror qildi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen kecha, 20 iyul kuni “Le Journal du Dimanche” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Taqiq Rossiya, Belarus va boshqa bir qator mamlakatlardan yuzga yaqin odamga taalluqli”, degan Darmanen.
Uning aniqlik kiritishicha, gap 2024 yilgi Olimpiadaga jurnalist, fizioterapevt yoki texnik xodimlar niqobi ostida kelishni istagan xorijliklar haqida ketmoqda.
“Ehtimol, ular bu yerda hujumlar uyushtirish va tartibsizliklar qilish uchun kelmayotgandir. Lekin, razvedka va an’anaviy josuslikdan tashqari, kiberhujumlarni amalga oshirish uchun ular kompyuter tarmoqlariga ulanish uchun ushbu tarmoqlarga kirish nuqtalaridan xabardor bo‘lishlari tabiiy”, degan vazir.
Jerald Darmanenga ko‘ra, Xalqaro olimpiya qo‘mitasida ishlaydigan rossiyaliklarga esa o‘yinlarda qatnashish uchun ruxsat berilgan.
“Biz o‘yinlarni yoritishni xohlayotganini da’vo qilgan ko‘p sonli qo‘shtirnoq ichidagi jurnalistlarni rad etdik, boshqa tomondan, ehtiyot tamoyilidan kelib chiqqan holda, faqat qo‘mitada ishlayotgan rossiyaliklarga ruxsat berdik”, deydi u.
Shuningdek, Fransiya Ichki ishlar vaziri razvedka xizmatlari tomonidan tekshirilgan 960 ming kishi, jumladan ko‘ngillilar, stadion ishchilari va sport delegatsiyalari a’zolari 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlarida ishlash huquqidan mahrum qilinganini aytdi.
Ma’lumot uchun, 26 iyul kuni Parijda boshlanadigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida 15 nafar rossiyalik va 16 nafar belaruslik sportchi ishtirok etib, o‘yinlarda neytral maqomda qatnashadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya xavfsizlik xizmatlari Parijdagi Olimpiada o‘yinlari vaqtida teraktlar tayyorlaganlikda gumon qilingan ekstremistni qo‘lga olgandi. Shuningdek, o‘yinlar arafasida Parijdan 5 mingga yaqin muhojirlar chiqarib yuborilgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi