Fransiya Isroilning qochqinlar lageriga qilgan hujumlarini qoraladi
Olam
−
03 noyabr 2023
4382Parij Isroilning G‘azo sektori blokadasidagi Jabaliya qochqinlar lageriga uyushtirilgan hujumlarni "qat’iy qoralaydi". Bu haqda Fransiya hukumatining rasmiy vakili Olive Veran BFMTV kanalida ko‘rsatilayotgan dasturlardan birida aytib o‘tdi.
Qayd etish joizki, Fransiya hukumati shu paytgacha Isroilning ushbu lagerga uyushtirgan hujumlarini qoralovchi bayonot bermagandi.
Veranning "qat’iy qoralash" bayonoti dastur boshlovchisining savoliga javoban yangradi. Boshlovchi Fransiya hech qanday tegishli bayonot bermaganini va Tashqi ishlar vazirligi faqat "chuqur xavotir" bilan cheklanib qolganini eslatgan.
"Yo‘q, yo‘q, Fransiya portlashdan keyin buni ochiqchasiga qoraladi", deya ishontirgan Veran.
Ma’lumot uchun, kecha, 2 noyabr kuni Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Parij Isroilning G‘azo sektoridagi Jabaliya qochqinlar lageriga uyushtirgan hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar sonining ko‘pligidan “qattiq xavotirda” ekanini bildirgan.
G‘azo sektoridagi Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar qilishicha, Jabaliya lagerida halok bo‘lganlar, yaradorlar va bedarak yo‘qolganlar soni 1000 nafarga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, 31 oktyabr kuni kechqurun Isroil harbiy-havo kuchlari Jabaliya qochqinlar lageriga hujum qilgan edi. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi hujum oqibatida kamida 100 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi. Ertasi kuni, 1 noyabrda Isroil yana ushbu qochqinlar lagerini bombardimon qildi.
LiveBarchasi