Fransiya Falastinni tan oldi

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Falastinni rasman davlat sifatida tan olganini e’lon qildi. Bu haqda davlat rahbari kecha, 22 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT shtab-kvartirasidagi nutqida aytib o‘tdi.

“Bugun Fransiya Falastin davlatini tan oladi. Bu qaror isroil va falastin xalqlari o‘rtasida tinchlik bo‘lishi uchun qabul qilinmoqda”, degan Makron.

Fransiya yetakchisi HAMAS tomonidan asirga olingan garovdagilar masalasiga ham, G‘azo sektoridagi Isroilning harbiy amaliyotlariga ham to‘xtalgan. Unga ko‘ra, HAMAS qo‘lida saqlanayotgan 48 nafar garovdagilarni ozod qilish, G‘azodagi urush va bombardimonlarni, ommaviy qirg‘inlar hamda aholining majburiy ko‘chirilishini tugatish vaqti keldi.

Xuddi shu yig‘ilish davomida Belgiya Bosh vaziri Bart De Vever, shuningdek, Monako, Malta va Lyuksemburg rahbarlari ham Falastinni davlat sifatida tan olganini e’lon qildi. Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Portugaliya esa 21 sentyabr kuni Falastinni tan olgan edi.

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farhan Ol Saud boshqa mamlakatlarni ham ana shunday tarixiy qadam tashlashga chaqirgan.

“Biz barcha davlatlarni shu yo‘lni tanlashga undaymiz. Bu chora ikki davlat yechimini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarga katta ta’sir ko‘rsatadi”, degan TIV rahbari.

BMT Bosh assambleyasi ham Falastin va Isroil o‘rtasidagi mojaroda HAMAS ishtirokisiz ikki davlat asosida yechimga qaytish zarurligini bildirgan. 12 sentyabr kuni Fransiya va Saudiya Arabistoni taqdim etgan rezolyutsiyani 142 ta mamlakat qo‘llab-quvvatlagan. AQSH va Isroilni ham o‘z ichiga olgan 10 davlat bunga qarshi chiqqan, 12 mamlakat ovoz berishdan bosh tortgan.
Hujjatda, shuningdek, HAMASning G‘azo sektoridagi hokimiyatini tugatish hamda 2023 yil 7 oktyabrda garovga olinganlarni ozod etish talabi ham o‘rin olgan. Isroil hukumati bu qarorni keskin tanqid qilgan, Falastin milliy ma’muriyati esa uni olqishlagan.

Ma’lumki, 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS Isroilga yirik hujum uyushtirdi. Qatnashchilar raketa hujumlari amalga oshirdi, Isroil hududiga bostirib kirib, zamonaviy Isroil davlati tarixidagi eng katta tinch aholi qirg‘inini sodir etdi. Hujum oqibatida qariyb 1 200 kishi halok bo‘ldi, 250 dan ortiq odam garovga olindi va G‘azo sektoriga olib ketildi. Ulardan ba’zilari keyinroq almashildi yoki ozod qilindi, ayrimlari esa halok bo‘ldi.

Isroil bunga javoban HAMASga qarshi urush e’lon qildi. Quruqlikdagi operatsiya va G‘azo sektoridagi bombardimonlar oqibatida65 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, 166 mingdan ziyodi yaralandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Portugaliya Tashqi ishlar vaziri Paulu Ranjel ham o‘z mamlakati Falastin davlatini rasman tan olganini e’lon qilgandi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Emmanuel' Makron Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing