Portugaliya ham Falastinni rasman tan oldi

Olam

image

Portugaliya Tashqi ishlar vaziri Paulu Ranjel kecha, 21 sentyabr kuni o‘z mamlakati Falastin davlatini rasman tan olganini e’lon qildi. Bu haqda vazirning bayonotiga tayangan holda "SIC Notícias" telekanali xabar berdi.

Vazirga ko‘ra, Isroil–Falastin mojarosida uzoq muddatli va adolatli tinchlikka erishishning yagona yo‘li nizolarni yakunlash va kelishuvga erishishdir.

Ranjel Portugaliya Isroil davlatini ham tan olishini alohida qayd etgan. Shuningdek, u Portugaliya va Isroil xalqlari o‘rtasidagi “do‘stlik”ni tilga olib, 7 oktyabr kuni HAMAS tomonidan sodir etilgan hujumlarni keskin qoralagan. Vazir, shuningdek, HAMAS qo‘lida qolayotgan isroilliklarni darhol ozod qilishni, halok bo‘lganlarning jasadlarini esa oilalariga topshirishni talab qilgan. 

Xuddi shu kuni Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniya ham Falastin davlatini tan olganini ma’lum qildi. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bu qaror HAMAS uchun “mukofot emas”ligini ta’kidlab, ularga Falastin yerlarida joy yo‘qligini aytgan. Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze va Kanada hukumati rahbari Mark Karni ham HAMASning harakatlarini tanqid ostiga olgan.

Isroil Prezidenti Isxak Gersog esa bu qarorlarni tanqid qilib, ularning na biror falastinlikka yordam berishini, na garovdagilarni ozod qilishga xizmat qilishini aytgan. 

Qayd etish joiz, bugungi kunga kelib Falastin davlatini BMTga a’zo 151 davlat rasman tan olgan. 95 ta mamlakatda Falastinning elchixonalari va doimiy vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda. 

Ma’lumot uchun, mojaro 2023 yilning 7 oktyabrida keskinlashgandi. O‘sha kuni HAMAS Isroilga keng ko‘lamli hujum uyushtirib, taxminan 1200 kishini o‘ldirgan va 250 dan ortiq odamni garovga olgan. Isroil bunga javoban urush e’lon qildi. G‘azo sektoridagi janglarda hozirga kelib 65 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 166 mingdan ortig‘i yaralangan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron o‘nta davlat vakillari Birlashgan Millatlar Tashkilotida o‘tkaziladigan konferensiya davomida Falastinni davlat sifatida rasman tan olishini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Portugaliya Falastin Isroil HAMAS Itsxak Gertsog Paulu Ranjel

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing