Foydali boykot: kanadaliklar AQSH mahsulotlaridan kechib, mahalliy brendlarni tanlamoqda
Olam
−
15:57 675 3 daqiqa
Kanadada AQSHning savdo siyosati va Prezident Donald Trampning mamlakatga nisbatan munosabatiga norozilik sifatida amerikalik mahsulot va xizmatlarni boykot qilish kengaymoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kanadaliklar AQSHda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat, alkogol, texnologiya, avtomobillar va boshqa mahsulotlarni sotib olmaslikka, shuningdek, AQSHga sayohat qilmaslikka harakat qilmoqda. Ayrimlar Netflix, Amazon Prime, Apple TV va Disney+ kabi Amerika striming xizmatlaridan, X, Facebook va Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlardan ham voz kechgan.
Boykotga AQSHning Kanada tovarlariga joriy etgan tariflari va Trampning mamlakatni AQSH tarkibiga qo‘shib olish haqidagi tahdidlari sabab bo‘lgan. Joriy haftada AQSH Kanadadan import qilinadigan 20 milliard dollarlik tovarlarga 50 foizlik boj joriy qilgandi. Kanada Bosh vaziri Mark Karni esa AQSH choralariga “dollarga dollar” tamoyili asosida javob berishini ma’lum qilgandi.
“The Guardian” ma’lumotiga ko‘ra, nashrning chaqiruviga Kanada bo‘ylab 3,5 mingdan ortiq kishi javob berib, AQSHning siyosiy va iqtisodiy siyosati sabab hayot tarzida qanday o‘zgarishlar qilganini bildirgan.
Ko‘plab kanadaliklar mahalliy oziq-ovqat va alkogolli ichimliklarni tanlamoqda, AQSHga safarlarni bekor qilmoqda hamda Amerika texnologiyalaridan foydalanishni to‘xtatmoqda. Ayrimlar Tesla avtomobillaridan voz kechgan, amerikalik viskilarni sotib olishni to‘xtatgan.
Biroq Ontario provinsiyasida yashovchi dizel mexanigi Uilyam Makdonaldning aytishicha, AQSH mahsulotlaridan voz kechish uning xarajatlarini oshirgan. U AQSH pivosi o‘rniga Kanada pivosini iste’mol qilayotgani sabab yiliga qo‘shimcha 1 ming Kanada dollariga yaqin mablag‘ sarflayotganini, oziq-ovqat xarajatlari esa haftasiga taxminan 50 dollarga oshganini aytgan.
Kanadada AQSH mahsulotlarini rad etish harakati “ABUS” – “Anything but US” (“AQSHdan boshqa hamma narsa”) va “ABUSA” – “Anywhere but USA” (“AQSHdan boshqa istalgan joy”) kabi shiorlar bilan ham tarqalgan. “Elbows Up!” shiori ham ommalashgan bo‘lib, u xokkeyda qattiq qarshilik ko‘rsatish ma’nosini anglatadi.
Vinnipeg shahrida yashovchi Deniz AQSHga nisbatan salbiy munosabat mamlakatda siyosiy qarashlaridan qat’i nazar keng tarqalganini ta’kidlagan. Uning aytishicha, ayrim kanadaliklar AQSH aviakompaniyalaridan foydalanmayapti, Amerika aeroportlarida hatto tranzitdan ham qochmoqda va investitsiyalarini Kanada kompaniyalariga o‘tkazmoqda.
Iyul oyida o‘tkazilgan Angus Reid so‘roviga ko‘ra, Kanadadagi oziq-ovqat xaridorlarining 40 foizi mahsulot qayerda ishlab chiqarilganini tekshira boshlagan. Ularning aksariyati imkoni bo‘lsa, AQSH mahsulotlaridan voz kechishga harakat qilgan.
Ayrim kanadaliklar boykot tufayli AQSH mahsulotlarining mahalliy muqobillarini izlashga majbur bo‘lmoqda. Xususan, Nanaymo shahrida yashovchi 68 yoshli sobiq o‘qituvchi Elizabet Lorens qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotlarining yorliqlarini tekshirib, AQSHda ishlab chiqarilgan tovarlarni sotib olmasligini aytgan.
Galifaksda yashovchi IT sohasi mutaxassisi Jeyms Byuken esa Apple mahsulotlarining barchasini sotganini ma’lum qilgan. U bir yillik MacBook, iPhone, AirTags va AirPods qurilmalaridan voz kechib, ularni boshqa muqobillarga almashtirgan.
Kalgarilik 61 yoshli sobiq muhandis Kurt esa AQSH viskilarini xarid qilishni to‘xtatgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u va viski ishqibozlaridan iborat guruh avval har yili Amerika viskilariga taxminan 10 ming dollar sarflagan, boykot boshlanganidan beri esa bu xarajat nolga tushgan.
Ko‘plab kanadaliklar AQSH bilan munosabatlar avvalgi holatiga qaytishiga ishonmayotganini bildirgan. Ayrimlar Tramp ma’muriyati almashganidan keyin ham Amerika mahsulotlarini sotib olishga qaytmasligini aytgan.
Shu bilan birga, boykot harakati Kanadada mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy mustaqillikka intilishni kuchaytirmoqda. Ayrim kanadaliklar AQSH bilan munosabatlardagi inqiroz mamlakatni birlashtirib, o‘z iqtisodiyoti va ichki bozoriga ko‘proq e’tibor qaratishga undayotganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kanada ham AQSHning yangi bojlariga javoban 700 ga yaqin turdagi Amerika mahsulotlariga qo‘shimcha boj joriy qilgandi.
Live
Barchasi