Aripovning aytgani yerda qoldimi? Hokimlar majlisbozlikdan ortayotgani yo‘q

Jamiyat

image

Bugun, 16 martdan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish va ta’lim muassasalarida sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash yuzasidan respublika maxsus komissiyasi tomonidan tashkilotlar tashabbusi bilan tashkil etiladigan tadbirlar, majlislar va yig‘ilishlarga cheklovlar kiritildi.

Biroq Xalq ta’limi vazirligi ba’zi viloyatlarda maktablarda o‘qituvchilar ishtirokida, jumladan mahalliy hokimiyat vakillari talablariga ko‘ra, turli majlislar o‘tkazilayotganligi haqida ma’lumotlar kelayotganini ma’lum qildi.

Shunga ko‘ra, XTV o‘qituvchilar ishtirokida majlislar o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bermaganini bildirdi. Vazirlik viloyat xalq ta’limi boshqarmalariga ortiqcha majlislar va yig‘ilishlar o‘tkazmasligi bo‘yicha topshiriq berdi.

“Shu bilan birga Xalq ta’limi vazirligi mahalliy hokimiyat vakillarini o‘qituvchilarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilmasliklarini talab qiladi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat kecha, 15 mart kuni soat 06:00 da qayd etildi. Ushbu virusni yuqtirib olgan bemor – oliy toifali shifokor  11 mart kuni Fransiyadan qaytgan bo‘lgan. Mamlakatdagi qolgan 5 bemorning 4 nafari birinchi bemorning yaqin qarindoshlari. Bir nafar bemor esa Kecha, 15 mart kuni soat 05:15 Istanbul-Toshkent reysida Turkiyadan O‘zbekistonga kelgan.

Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha 170 002 kishi koronavirusga chalingan. Shundan, 6524 nafar bemor vafot etgan, 77 778 nafar bemor xastalikdan forig‘ bo‘lgan.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.


Maqola muallifi

Teglar

majlisbozlik koronavirus

Baholaganlar

213

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing