Mirziyoyev va Tramp Hukumati koronavirusga qarshi qanday kurashyapti? 

Tahlil

image
Stiker “otmen” bo‘ldimi? (video) north_east

Stiker “otmen” bo‘ldimi? (video)

O‘zbekistonda koronavirus kasalligi tarqalishda davom etmoqda. Kasallikning dastlabki o‘chog‘i sanalmish Xitoyda koronavirus ortga qaytishni boshlagan. Biroq endi pandemiya avj nuqtasiga chiqqan davlat AQSH bo‘lib bormoqda. Qo‘shma Shtatlarda kuniga minglab insonlar bu kasallikni yuqtirishda davom etayotganligiga qaramay Oq uy rasmiy Toshkent kabi qat’iy choralar qo‘llamayapti. Ushbu masala yuzasidan  ayni vaqtda Qo‘shma Shtatlarda bo‘lib turgan “Amerika ovozi” muxbiri Navbahor Imomova o‘z chiqishida ma’lum qilmoqda.  

“Nyu-York – koronavirus o‘chog‘i”

— Koronavirusga qarshi kurashning yana bir kuni yakunlanmoqda. Hozirgina Oq uydagi kundalik brifing yakunlandi. Bu yerda ham ko‘plar tibbiy niqoblar taqib yurmoqda. Shuningdek, biz ham ko‘chaga chiqayotganda niqobdan foydalanyapmiz, uyimizdan ishlayapmiz. Ayni vaqtda Qo‘shma Shtatlarda koronavirusning o‘chog‘i N’yu-York shahridir. Dunyodagi eng katta megapolislardan biri bo‘lgan bu shaharda mutasaddilar shaharliklarni karantinda saqlanishini so‘ramoqda. “Iltimos, o‘zingizni izolyatsiya qiling. Boshqalarning sog‘lig‘ini o‘ylang” deya murojaat qilishmoqda. 

 

Pasxagacha kutilayotgan “g‘alaba”

Navbahor Imomova Oq uy ma’murlari aprel o‘rtalarigacha vaziyat o‘nglanishidan umidvor ekanini aytmoqda. 

— Oq uy rahbariyati tomonidan deyarli har kuni koronavirusga qarshi jadal olib borilayotgani haqida har kuni eshitib turibmiz. Bugun Prezident Trampning aytishiga ko‘ra, Kongress bilan Oq uy, albatta, kelishib oladi va 2 triliion dollarga yaqin moliyaviy ko‘mak dasturini o‘z ichiga olgan Qonun loyihasi tez orada tasdiqdan o‘tadi. (tahr.: qonun loyihasi kecha tasdiqlandi) “Pasxa bayramiga qadar, ya’ni 12 aprelgacha vaziyatni o‘nglab olishimiz kerak. Yaqin vaqtlar ichida karantin choralarini o‘zgartirishimiz mumkin. Bu federal miqyosda bo‘ladi”, deb aytmoqda Prezident Tramp. 

Oq uy aytilgan vaqtgacha eng qiyin davr tugashiga umid qilmoqda. Bunda ular tibbiyot xodimlariga, olimlarga quloq solishini aytmoqda. Oq uyning tibbiyot bo‘yicha vakillariga quloq solish kerakligini qayta-qayta ta’kidlashmoqda. Biroq Tramp sabrsizlana boshlagan, chunki iqtisodiyot zarar ko‘rmoqda. Tarozining bir pallasida aholi salomatligi, ikkinchi pallasida iqtisodiyot turibdi.

Prezident Tramp qiziq gapni aytdi. “Bu inqiroz salomatlik bo‘yicha inqiroz. Bu iqtisodiy-moliyaviy inqiroz emas. Agar tibbiy vaziyatni qo‘lga ola bilsak, iqtisodiyot yana izga tushib ketadi. Biz barcha sanoat sohalariga, koronavirusdan aziyat chekkan amerikaliklarga ham ijtimoiy himoyani kuchaytiramiz. 12 aprelga borib normal hayot tomon borishimiz lozim”, deya AQSH Prezidentining so‘zlarini keltirmoqda Imomova.  

Niqob AQSHda majburiy emas

Muxbir Imomovaning aytishiga ko‘ra, AQSHda barcha tashkilot va muassasalar faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan, biroq niqob taqib yurish majburiy tus olmagan. 

— AQSHning boshqa mintaqalarida ham kurash jadal ketmoqda. Qo‘shma Shtatlarning eng yirik shtatlardan biri Kaliforniyada ham buni ko‘rish mumkin. Hozirga kelib nafaqat federal jihatidan, balki aksariyat shtatlarda ham favqulodda holat hukmron. Maktablar, universitetlar, ilm dargohlari yopiq bo‘lib, o‘ta zarur bo‘lgandagina savdo joylari ishlamoqda. Restoran, bar, kafelar yopiq. Hayot bir jihatidan to‘xtab qolgan, hayot to‘rt devor ichida davom etmoqda. Uydan turib ishlash, uydan turib o‘qish olib borilmoqda.

Lekin, niqob taqib yurish Vashingtonning o‘zida ham majburiy emas. 25 mart soat 06:00dan boshlab O‘zbekistonda niqob taqmaslikka jarima belgilandi. Nyu-Yorkdagi vatandoshlarimizga bardam bo‘ling deymiz. 

Mutasaddilarning aytishiga ko‘ra, har ming Nyu-yorklikdan biriga koronavirus xavf solmoqda. Oq uy yana bir bor eslatdi: “agar yaqin orada bu shaharda bo‘lgan bo‘lsangiz, o‘zingizni izolyatsiya qiling”. Agar shahardan yaqinda chiqib ketgan bo‘lsangiz, bu ham xavfli.

Prezident Trampning oldidagi olimlar, tibbiyotchilar asosiy vazifa virus tarqalishiga qarshi kurashligini aytishmoqda. Ular har doimgi aytilayotgan choralar, ya’ni qo‘llarni yuvish, niqoblar taqish, uydan chiqmaslik kerakligini uqtirishmoqda. Ya’ni, hozirga kelib amerikaliklar ham nima qilishini biroz tushunib olgandek, go‘yo. Amerikaliklar qanchalik toliqishgani bilan o‘zlarining sog‘liqlarini o‘ylashmoqda. 

Hozir O‘zbekistonning viloyatlarida kirish-chiqish to‘xtatilgan. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston karantinda.

Vatandoshlarni chorlayotgan elchixona 

Navbahor Imomova Nyu-Yorkdagi vatandoshlarimiz o‘zlarining holatlari haqida video va boshqa ko‘rinishda aks etgan murojaatlar qilishini so‘ramoqda. Shuningdek, “Amerika ovozi” muxbiri O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi vatandoshlar uchun yordamga doim tayyorligini ma’lum qilgani haqida aytmoqda. 

— Agar koronavirus tahdidi sabab qiynalib qolgan vatandoshlardan biri sifatida vatandan ko‘mak istayotgan bo‘lsangiz, O‘zbekiston elchixonasiga murojaat etishingiz mumkin. O‘zbekistonning Nyu-York shahrida konsulligi ham bor, shu sababli bu idoraga ham murojaat etishingiz mumkin. O‘zbekiston hukumati vatandoshlar bilan ishlashga tayyor ekanini doimiy tarzda eslatib keladi.

Imomovaning qayd etganlaridan ko‘rinib turibdiki, o‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonning boshqa mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib koronavirusga qarshi ko‘rgan choralari ijobiy natija bermoqda. Biroq, gap faqat davlat yoki uning rahbariyati tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar, hujjatlar haqida ketmayapti. Odamlarning o‘zaro jips va baqamti harakat qilishi, mavjud qoidalar, o‘rnatilgan tartibga rioya qilishi kasallikni yengishdagi eng muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Zotan, bu balo faqat davlat yoki uning mas’ul kursi o‘tirganlarning emas, butun xalqning boshiga keldi. Virus esa mavqe, mansab, millat, din tanlamaydi.  

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etildi.  O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar bugun, 30 mart soat 15:00 holatiga ko‘ra 145 kishini tashkil etmoqda. Mamlakatda ushbu infeksiyani yuqtirib olgan bemorlardan ikki nafari vafot etdi. Kasallanganlarning 7 nafari sog‘ayib, oilasi bag‘riga qaytdi

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Donal'd Tramp Oq uy Koronavirus Navbahor Imomova

Baholaganlar

121

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing