Forscha ayyorlik. Eron AQSHni ichidan yemirmoqchi?

Tahlil

AQSH o‘z tarixida ilk bor Eronga zarba berganidan so‘ng dunyoning e’tibori Eronning javob choralari qanday bo‘lishiga qaratilgan. Hormuz bo‘g‘ozini yopish, AQSHning mintaqadagi harbiy bazalariga zarba berish kabi variantlar ancha oldin ma’lum edi. Ammo bu ikki ehtimoliy chora Eronning o‘zi uchun halokatli bo‘lishi mumkin. Chunki Eron iqtisodiyoti Hormuz bo‘g‘ozi bilan uzviy bog‘langani aytiladi. Masalan, AQSH vitse-prezidenti J.D. Vens ham Hormuzni yopish Eron uchun o‘zini halok qilish qarori bo‘ladi, deya bayonot berdi. Hatto Eronning sobiq shohi Muhammad Rizo Pahlaviy ham o‘tmishda o‘z intervyularidan birida Eron Hormuz bo‘g‘ozi bilan tirik ekanini ochiq-oydin ta’kidlagan.

Shu bois 22 iyun kuni AQSH tomonidan Eronga xalqaro huquq normalariga zid tarzda berilgan zarbalar uchun Eron ham xuddi shu yo‘sinda javob qaytarishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, rasmiy Tehron AQSHni uning yadro ob’ektlariga hujumidan roppa-rosa 5 kun oldin bu haqda ogohlantirgan. Gap shundaki, NBC News telekanalining ma’lum qilishicha, 17 iyun kuni Eron G7 sammitida prezident Trampga agar u Eronning yadroviy ob’ektlariga zarba berishga buyruq beradigan bo‘lsa, u holda Eron AQSHda “uxlab yotgan terrorchilar”ni faollashtirishi mumkinligi haqida xabar jo‘natgan. NBC News buni AQSHning ikki rasmiysiga tayanib xabar qildi.

AQSH hukumati esa Eron hududiga yo‘naltirilgan zarbalardan so‘ng mamlakat ichkarisida terrorchilik hujumlari xavfi kuchaygani haqida ogohlantirdi. Bu haqda mamlakatning terroristik tahdidlar bo‘yicha milliy ogohlantirish tizimi shu mazmundagi byulletenni e’lon qildi. Ushbu ogohlantirish aynan AQSHning 22 iyun kuni Erondagi bir qator ob’ektlarga bergan hujumidan so‘ng e’lon qilindi va bu ogohlantirish 22 sentyabrgacha amal qiladi. Xususan, fuqarolarga yaqin kunlarda Eronni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar tomonidan AQSHdagi tarmoqlarga nisbatan kiberhujumlar ehtimoli borligi aytildi.

Bundan tashqari, mazkur bayonotda Eron 2020 yil yanvar oyida o‘ldirilgan harbiy qo‘mondonining o‘limi uchun mas’ul deb hisoblaydigan AQSH hukumat mansabdor shaxslariga hujum qilish niyatida ekani anchadan beri ma’lumligi qayd etilgan. Bordi-yu Eron rahbariyati AQSH hududidagi nishonlarga nisbatan zo‘ravonlikka undovchi diniy fatvo chiqarsa, Qo‘shma Shtatlar ichkarisidagi o‘sha yuqorida nomi “uxlab yotgan radikallar” deya aytilgan guruhlarning ishga kirishishi mumkinligi aytilmoqda.  Shu bois rasmiy ogohlantirishda AQSH hududida yashovchi ayrim shaxslar yangi hujumlar tayyorlashni boshlashi mumkinligi bayon etilgan.

AQSH xavotirda

O‘z o‘rnida AQSH davlat departamenti ham Yaqin Sharqdagi harbiy mojaro munosabati bilan o‘z fuqarolari uchun butun dunyo bo‘ylab xavfsizlik ogohlantirishini e’lon qildi. Departament AQSH fuqarolariga yer yuzining qayerida bo‘lmasin, ehtiyotkor bo‘lishni tavsiya qiladi. Bu bayonotda qayd etilishicha, xorijda AQSH fuqarolari va manfaatlariga qarshi namoyishlar uyushtirilish ehtimoli bor. Eng qizig‘i esa bu orada AQSHning o‘zida Eronga berilgan noqonuniy zarba ortidan Trampga qarshi namoyishlar boshlanib ketdi. Namoyishlarning asosiy o‘chog‘i hozircha Nyu-York bo‘lib turibdi. Namoyishchilar ko‘chalarda “Eron bilan urushga yo‘q” va “Tramp – urush jinoyatchisi” deb yozilgan plakatlarni ko‘tarib olishgan.

Ishtirokchilar nafaqat Nyu-Yorkning markaziy qismidagi “Times Square”, balki Vashingtondagi Oq uy atrofida, shuningdek, Massachusets shtatining Boston shahrida ham to‘plangan. Mitinglar Ogayo shtatining Sinsinnati shahrida ham o‘tkazilgani qayd etilgan. Nyu-York ko‘chalarida bo‘lgan jurnalistning ta’kidlashicha, namoyishlar tinch yo‘sinda o‘tmoqda. Ko‘pchilik namoyishchilar AQSH harakatlari keng ko‘lamli va juda yomon oqibatlarga olib keluvchi urushga sababchi bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing