“Forbes” 30 yoshgacha bo‘lgan omadli yoshlar ro‘yxatini e’lon qildi

Madaniyat-san’at

image

Dunyo bo‘yicha 20 ta yo‘nalishda 30 yoshgacha bo‘lgan, 600 nafar muvaffaqiyat egalarini qamrab olgan reyting “Forbes” nashrida e’lon qilindi. 

Ro‘yxatdan madaniyat, moliya, ta’lim, sog‘liqni saqlash, texnika, sport, ilm-fan, ishlab chiqarish va oziq ovqat kabi soha vakillari joy olgan.

Omadli yoshlar orasidan Jastin Biberning 26 yoshli rafiqasi, fotomodel Xeyli Biber ham o‘rin olgan bo‘lib, uni ijtimoiy tarmoqlarda 60 million obunachisi bor. Xeyli 2022 yilda Los-Anjelesda o‘zining shaxsiy biznesiga qo‘l urdi va terini parvarishlash uchun “Rhode Skin” nomli brendga asos soldi. Bir donasi 29 AQSH dollari turuvchi vositalarning talabgorlari soni hozirda 700 mingtaga yetgan.

27 yoshli rassom Anna Veyant o‘zi chizgan suratlar bilan 2022 yilda uchta shov-shuvli taqdimot o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. “Christie's” auksionida u tomonidan chizilgan “Yozgi vaqt” asari esa 1,5 million AQSH dollariga baholangan.

28 yoshli basketbolchi Joel Embiid “76ers” jamoasi a’zosi hisoblanadi. Uning yillik daromadi 8 million AQSH dollarini tashkil etmoqda. O‘z vaqtida uch yilni jarohat bilan o‘tkazib yuborgan basketbol yulduzi mavsum yakunidagi so‘rovnomalarga ko‘ra, ligadagi eng yaxshi sportchilar reytingida ikkinchi o‘rinni olgan.

Ro‘yxatdagi e’tiborga molik yoshlardan yana biri AQSH Mudofaa vazirligining matbuot kotibi Tayler Cherri bo‘lib, u 29 yoshda bo‘lishiga qaramay Jo Bayden ma’muriyatidagi mas’uliyatli lavozimlardan birini egallab turibdi.

Ilm fa’n yo‘nalishida esa Jeremi Shil e’tirof etilgan. U 2022 yilning oktyabr oyida Amerika hukumati bilan 13 million AQSH dollariga teng shartnoma imzolashga erishdi. Ayni damda Jeremi 2025 yilgacha fazoviy kemalarga gidrazin yoqilg‘isini yetkazib berish ustida ishlamoqda.

Anitta taxallusi bilan ijod qiluvchi braziliyalik Larissa de Masedo kuylagan “Envolver” nomli tarona xalqaro tarmoqlarda 500 million marotaba tinglangan. Uning “Versions of Me” albomi esa uchta tilda taqdim etildi. Xonandaning YouTube'dagi kuzatuvchilari esa sal kam 17 millionni tashkil etmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, “Forbes” reytingidan joy olgan 30 yoshgacha bo‘lgan muvaffaqiyatli yoshlarning umumiy boyligi 5,3 milliard AQSH dollariga teng bo‘lib, ularning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarini jami 613 million obunachi kuzatmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Forbes Xeyli Biber Anna Veyant Joel Embiid AQSh Mudofaa vazirligi

Baholaganlar

334

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing